FOTOTANQID
Ayb taʼminotdami, taʼminlovchilarda?
Ayb taʼminotdami, taʼminlovchilarda?
Jizzax viloyati Doʻstlik tumani “Qahramon” qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi xonadonlar suyultirilgan gaz vaqtida yetkazib berilmayotganidan qiynalmoqda.
Andijon koʻchasida yashovchi onaxon Bolbuvi Himmatova oxirgi marta joriy yil 27-martda 22 ming soʻm toʻlab topshirib kelgan ekan. Oʻshandan beri hali gaz ololmayotgan keksa onaxonning oilasi oʻchoqdan foydalanib kelayotir.
– Ikki oydan beri gaz yoʻq, - deydi Oʻzbekiston koʻchasi 91-uy 2-xonadonda yashovchi Zulxumor Eshmurodova. — 21 ming soʻm pul toʻlaganmiz. Yaqinda borsam, 92-oʻrindasiz, hali sizga gaz bera olmaymiz,deyishdi.Dala ishlaridan charchab kelib oʻchoqda oʻt yoqib ovqat tayyorlaymiz. Uyda yosh bolalar, keksalar bor. Ayniqsa, roʻza kunlari juda qiynalayapmiz. Arz qilmagan idoramiz qolmadi, ammo natija yoʻq.
Xonadonlarning koʻpchiligida aynan shu ahvol. Buning ustiga suyultirilgan gaz ballonining bir donasi 21-22 ming soʻmdan toʻldirilayotganidan ham aholi norozi.
– Qishloqda jami 1 ming 200 xonadon suyultirilgan gaz oladi, – deydi qishloqni suyultirilgan gaz balloni bilan taʼminlovchi Abdusaid Abdukarimov. – Yanvar oyidan shu kunga qadar hammasi boʻlib 1 ming 861 ta gaz balloni tarqatdim, xolos. Odamlarning noroziligi toʻgʻri. Koʻpchilik toʻrt-besh oyda bir marta gaz olgan.Menga oylik berilmaydi, har bir ballonga 21 ming soʻmdan olishimni aytishgan. Shundan ming soʻmi menga qoladi. Bundan hammaning xabari bor.
Maxsus joy yoʻqligidan gaz ballonlari A. Abdukarimovning hovlisida saqlanar ekan.
Faqat Qahramon qishlogʻida emas, tumanning suyultirilgan gazdan foydalanuvchi 6 ta qishloq fuqarolar yigʻini hududida ham taʼminot yaxshi emas.
Masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida Paxtakor tumanlararo gaz taʼminoti uchastkasi Doʻstlik tuman boʻlimi ustasi Xayrulla Yaxshiliqov bilan telefon orqali bogʻlanganimizda oylik belgilangan 70 tonna suyultirilgan gazni toʻliq olishda qiyinchilik boʻlayotgani, ammo olinayotganini aytdi. Lekin isteʼmolchilar pulini toʻlab ham gaz ololmayotgani sababini aniq izohlay olmadi. Bu ahvolga nima sabab boʻlgan yoki kim aybdor - taʼminotchi, taʼminlovchilarmi, degan savolga gaz taʼminotning Jizzax filiali masʼullari aniq javob berishar degan umiddamiz.