O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

FOTOREPORTAJ: Samarali mehnatning munosib rag‘bati

FOTOREPORTAJ: Samarali mehnatning munosib rag‘bati

“Dehqonobod kaliy zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati mustaqillik yillarida tashkil etilgan yirik sanoat korxonalaridan biri. Ayni paytda bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar dunyoning qariyb 20 davlatiga eksport qilinayotir.

O‘tgan yili xorijga 230 ming tonnadan ortiq kaliyli o‘g‘itlar sotildi. Shu bilan birga, korxona tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va pirovard natijada iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Albatta, erishilayotgan yutuqlar zamirida mutaxassislar va ishchilarning ulkan hissasi bor. Ularning fidokorona mehnati samarasi bugun har jabhada aks etmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 29 avgustdagi farmoni bilan mazkur korxonaning lahim o‘tish kombayni mashinisti Shavkat Safarov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani ham korxona ishchi va xodimlari mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.

– Zavod qurilishining ilk pallasidan buyon shu yerda mehnat qilaman, – deydi Shavkat Safarov. – Doimo mas’uliyat bilan, bilim va tajribamni muttasil oshirib borgan holda ishlashga harakat qilaman. Asosiysi,rahbariyatimiz biz ishchilarni qo‘llab-quvvatlab, samarali faoliyatimiz uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqda. Kamtarona xizmatlarim Prezidentimiz tomonidan yuqori baholanib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshirdi. Kuchim, shijoatim boricha ana shu ishonchni oqlashga harakat qilaman.


3.jpg

2.jpg

7.jpg

3 699
Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar, O‘zA