O‘zA O`zbek

19.05.2020 Chop etish versiyasi

Eron xandon pistasi qiygʻos gulladi

Eron xandon pistasi qiygʻos gulladi

Surxondaryo jozibador tabiat manzaralari, ekologik toza, xushtam turli meva va boshqa ziroatlari bilan agroekoturizmni rivojlantirish uchun beqiyos imkoniyat va qulay muhitga ega hudud.

Vohaga kelgan mehmonlar togʻu-dalalardagi bir-birini takrorlamaydigan goʻzal manzaralardan zavq-shavq olish barobarida turli meva va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tatib koʻrib, darmondoriga boy rang-barang neʼmatlardan bahramand boʻlishi mumkin.

Sariosiyo tumanidagi “Bogʻu-boʻston” fermer xoʻjaligi togʻ bagʻrida yetishtirilgan shirin mevalari bilan tanilgan. Bu yerda parvarishlanayotgan olma, anor, pista va boshqa mevali daraxtlarning lalmi yerlarda moʻl hosil berayotganidan koʻzingiz quvnaydi. Izlanuvchan, tanti sohibkor boboning mehnati va aqlu-zakovatiga lol qolasiz. Xoʻjalikda yetishtirilayotgan mahsulotlar bunga yaqqol dalildir. Hisor togʻ tizmalari qoʻyniga bahor oʻz sepini toʻshagan ayni damda dov-daraxtlar qiygʻos gullab, moʻl hosil nishonasini koʻrsatmoqda.

– Shu kunlarda togʻli hududlarimizdagi qay bir goʻshaga bormang, bir-biridan goʻzal tabiat manzaralari sizni beixtiyor maftun etadi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining Sariosiyo tumanidagi masʼul xodimi B. Oʻroqov. – Kamalak rangida tovlanadigan shifobaxsh oʻsimliklar gulining nafis ifori dimogʻingizga urilib, ruhingizni yana-da tetiklashtiradi. Aslida bu yerlar yilning yoz va qish fasllarida ham ana shunday maftunkor ranglarda tovlanib turadi. Tevarak-atrof yashillikka qoplangan yozning chillasida ham bu yerlarning moʻtadil ob-havosi inson tanasiga xush yoqadi. Taʼmi tilni yoradigan mevalari birin-ketin yetilib, pisha boshlaydi. Bunday joylarda, toza, musaffo tabiat qoʻynida sayr qilishning gashti boʻlakcha va unutilmas taassurotlarga boy boʻladi.

Mashhur fermer 40 gektar yarim suvli va lalmi maydonda semerenka, golden, krimson kabi olma, bir yarim gektar yerda anor, yarim gektar maydonda intensiv uzum yetishtirmoqda. Shuningdek, qariyb bir gektar yerga 130 tup Eron xandon pistasini ekib, koʻp yillardan buyon mehr bilan parvarishlab kelayotir. Ikki yuz tup oq marvarid navli tut ham moʻl hosil bermoqda. Bahor tarovati bilan yana-da goʻzal manzara kashf etgan bogʻda uzumzor kurtak yozdi. Ertapishar olmalar hosil tugdi. Shakardek shirin tut mevasi pishib qoldi.

– Barchamiz birdek sevib isteʼmol qiladigan pistalar asosan togʻda yovvoyi holda oʻsadi, – deya suhbatni davom ettiradi B.Oʻroqov. – Shu bois koʻpchiligimiz uning qanday gul koʻrsatishiyu, pishib, yetilishini tasavvur qilolmaymiz. Shu kunlarda xoʻjalikka kelgan kishi pista gullarini, yozda esa xom mevalarini miriqib tomosha qilishi, kuzda kelganlar undan bogʻning oʻzida tatib koʻrishi mumkin.

Fermer xoʻjaligida lalmi bogʻ yaratilganiga oʻttiz yildan, pistazorni barpo etganiga oʻn yildan oshdi. Togʻ qoʻynidagi suvsiz yerlarda bogʻu-boʻston yaratgan fermer Nosirxon bobo Toʻraqulov toʻqson yoshga yaqinlashgan boʻlsa-da, tabarruk otaxonni bogʻda uchratasiz.

– Pistalarni urugʻidan ekib, koʻkartirganmiz,– deydi N.Toʻraqulov. – Asosan togʻ tizmalarida oʻsadigan bu mevali daraxt suvsizlikka chidamli. Koʻp agrotexnik parvarish talab etmaydi. Biroq, koʻchatlarning bu yerga moslashib, rivojlanishi va hosilga kirishini koʻp yillar kutdik. Endi mevasini olayapmiz.

Lalmi yerlarda bogʻ yaratish usullari bilan qiziqsangiz, albatta Sariosiyo tumanidagi Toqchi qishlogʻiga keling. Xushmanzara goʻshani aylanib, lalmi yerlarda moʻl hosil berayotgan bogʻ bilan yaqindan tanishasiz. Tabarruk sohibkor otaxon bilan lalmi bogʻ yaratish usullari haqida dildan suhbat qurib, u kishi yetishtirayotgan sarxil mevalardan bahramand boʻlasiz.

3 270
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA