O‘zA O`zbek

07.03.2019 Chop etish versiyasi

Chempionlar murabbiyi

Chempionlar murabbiyi

Samarqand shahridagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining dzyudo bo‘yicha murabbiyi Dilnoza Bahromova hali yosh bo‘lsa-da, ko‘plab mahoratli sportchilarni tarbiyalab kelayotgan murabbiyalardan.

O‘n uch yildan beri murabbiylik sohasida mehnat qilayotgan Dilnoza Bahromova sambo bo‘yicha sport ustasi hisoblanadi. 2015 yil Samarqand davlat universitetining jismoniy madaniyat fakultetini bitirgan Dilnozadan sport sirlarini o‘rganayotgan yosh sportchilar xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etmoqda. Jumladan, uning shogirdi Vasila Aliboeva 2017 yil paralimpiachilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo va Okeaniya chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2018 yil o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida ham g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. O‘sha yili noyabr oyida Portugaliyada paradzyudo bo‘yicha Jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi. Yana bir shogirdi Parvina Samandarova Paraosiyo o‘yinlarida ham, Jahon chempionatida ham bronza medaliga sazovor bo‘ldi. E’tiborlisi, ayni paytda Jahon reytingida o‘z vazn toifalarida Parvina Samandarova ikkinchi, Vasila Aliboeva uchinchi o‘rinda bormoqda.

– Ayni paytda shogirdlarim bilan joriy yil 1-5 may kunlari Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Katta dubulg‘a turkumiga kiruvchi musobaqaga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, – deydi Dilnoza Bahromova. – Joriy yilgi bahslarda Tokio paralimpiadasiga yo‘llanma uchun kurash boradi. Shu bois, har bir musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shogirdlarim bilan paralimpiada o‘yinlarida ham sovrindor bo‘lishni maqsad qilganmiz.

8.JPG

12.JPG

2 178
Alisher Isroilov (surat), O‘zA