O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Buxoro yana bir xalqaro forumga mezbonlik qilmoqda

Buxoro yana bir xalqaro forumga mezbonlik qilmoqda

Buxoro viloyat yoshlar markazida “Bukhara Investiment Forum –2019” xalqaro anjumani oʻz ishini boshladi.

Mazkur tadbir “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan tadbirlar doirasida Buxoro viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.

Oʻtgan yilning sentyabr oyida Buxoroda xalqaro “Buxoro agro” forumi oʻtkazilib, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan koʻplab investitsiyaviy loyihalar taqdimot qilingan edi.

Xorijiy investorlarni Buxoro viloyatining yuksalib borayotgan investitsiya salohiyati bilan tanishtirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali samarali loyihalarni amalga oshirish maqsadida yana bir xalqaro forum oʻtkazilmoqda. Unda Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Iroq, Iordaniya, Isroil Rossiya va boshqa qator mamlakatlarning ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etyapti.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi. Buxoro viloyatida 2019-2020 yillarda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida umumiy qiymati qariyb 25 trillion 353 milliard soʻm boʻlgan 625 ta investitsiya loyihalari dasturi ishlab chiqilgan. Uni amalga oshirish samarasida salkam 30 ming doimiy ish oʻrni yaratiladi.

Forum doirasida xorijlik ishtirokchilar anjuman ochilishidan bir kun ilgari Buxoro viloyatining 11 ta tuman va 2 ta shahrida boʻlib, hududlarning iqtisodiy va investitsion salohiyati bilan tanishdilar. Bu ularda katta qiziqish uygʻotdi.

Anjumanda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Buxoroga tashrifi chogʻida maʼqullangan “Bukhara City” ishbilarmonlar va yangi bunyodkorlik hududi qurilishi doirasidagi investitsiyaviy taklif loyihalari hamda viloyatda turizm industriyasiga doir taqdimotlar namoyish qilindi.

“Bukhara City” – shahar ichra shahar Turkiyaning mashhur “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Mazkur loyihani ishlab chiqishda, eng avvalo, tarix va kelajakning oʻzaro bogʻliqligini, xavfsizlik, yoʻllarda tirband boʻlmaslik va ilgʻor xorijiy meʼmorchilik yutuqlari inobatga olingan. Hududda mehmonxona, muzey, kutubxona, biznes markazlari, savdo majmualari, konferensiya zallari, restoran va madaniy markazlar, koʻp qavatli uylar, favvoralar hamda boshqa obyektlar quriladi.

Anjuman dasturiga koʻra, xorijiy investorlarning mahalliy hokimlik rahbarlari, tadbirkorlar, loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlari oʻtkaziladi. Amaliy muloqotlar yakunida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolanadi.

IMG_20190331_121713.jpg

IMG_20190331_121747.jpg

IMG_20190331_121837.jpg

IMG_20190331_121947.jpg

2 496
Erkin Yodgorov, OʻzA