O‘zA O`zbek

21.03.2019 Chop etish versiyasi

Bunyodkor elning fayzli bayrami

Bunyodkor elning fayzli bayrami

Poytaxtimizdagi “Humo arena” majmuasida Navroʻz bayrami tantanalari boʻlib oʻtdi

Qiru adirlar yam-yashil maysalar bilan qoplangan, atrofni qushlar chugʻuri-yu anvoyi gullar, giyohlar ifori tutgan. Inson botinidagi eng inja hislarni-da uygʻotuvchi koʻklam nasimi ruhiyatimizga bir tozalik olib kirganday boʻladi. Inson ham, tabiat ham yangilanish va yasharish ayyomi boʻlgan Navroʻzi olamni ana shunday intiqlik, mushtoqlik bilan kutib oladi.

photo_2019-03-21_19-44-25.jpg

Yaxshi odam koʻzidan, yaxshi yil Navroʻzidan maʼlum, deydi xalqimiz. Ota-bobolarimizning ming yillik kuzatishlari hosilasi sifatida dunyoga kelgan bu naql xuddi bu yilimiz uchun aytilgandek. Ona yurtimizga kirib kelgan bahor yil boʻyi keladigan ob-havo, shunga mos moʻl hosil, qut-barakadan darak berayotgandek...

Ha, yurtimizga Yaratganning inoyati, tabiat moʻjizasi boʻlmish koʻklam kirib keldi. Bu yilgi bahorning avji oʻzgacha. Erta bahordan iliq nasimlar esa boshladi. Bundan ruhlangan bobodehqon yaxshi niyat bilan urugʻ qadashga shaylandi. Shaharu qishloqlarda, mahallayu ovullarda koʻklam tadorigi qizigandan-qizigan: ulugʻ bunyodkorlik qudrati, obodlik, poklik nafasi, yangilanish va yaratish zavqi har qadamda seziladi.

photo_2019-03-21_19-44-28.jpg

21 mart. Azim poytaxtimiz markazida yaqinda foydalanishga topshirilgan muhtasham “Humo arena” majmuasi bayramona bezatilgan. Navroʻzga xos anʼanalarimiz, xalq oʻyinlari, dor tomoshalari tashkil etilgan. Soʻrilardagi dasturxonlarga bahoriy taomlar tortilgan.

Karnay-surnay sadolari yangrab, bayram boshlanayotganidan darak beradi.

photo_2019-03-21_19-44-31.jpg

...Asosiy sahna turfa chiroqlar, rango-rang tasvirlar bilan muhtasham majmuani yanada salobatli koʻrsatadi. Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat aʼzolari, fan, madaniyat, sanʼat, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilgʻorlari, tadbirkorlar, piru badavlat otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari tashrif buyurgan.

Tantana ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi.

photo_2019-03-21_19-44-34.jpg

Davlatimiz rahbari barchani Navroʻz bayrami bilan tabrikladi.

Muazzam maydon uzra borliq uygʻonishi, yangi kunni madh etuvchi navo taraladi. Sahna sathida turfa ranglardagi tasvirlar orqali ona zamin, hayot abadiyligi timsoli boʻlgan fasllarning evrilishi, yurtimizga kirib kelgan koʻklam sururi aks etadi. Chappar urib gullagan oʻriklar, shoʻx-shan uchayotgan qaldirgʻochlarning sasi yuraklarda ajib hislar uygʻotadi.

photo_2019-03-21_19-44-36.jpg

Navroʻz insoniyatning oʻzi qadar qadimiy va boqiy bayramlardan. Ayni paytda bu bayram Yer yuzida katta shodiyona, xursandchilik ila qarshi olinadi. BMT Bosh Assambleyasining 2010 yil 23 fevraldagi rezolyutsiyasi bilan 21 mart – butun dunyoda Xalqaro Navroʻz kuni sifatida nishonlanadi.

Dunyoda shuncha milliy bayramlar boʻlaturib, nima uchun aynan xalqimizning sharqona yangi yili – Navroʻz milliy sarhadlardan chiqib, dunyo bayramiga, umumbashariy qadriyatga aylandi? Chunki Navroʻz hamma davrda tinchlik, totuvlik, doʻstlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbat ifodasi boʻlib kelgan. Ajdodlarimiz ming yillardan beri bu kunni ezgulik, bagʻrikenglik va tenglik ifodasi sifatida nishonlab kelganlar.

– Oqqan daryo oqaveradi, degan gapda teran maʼno bor, – deydi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidan kelgan 75 yoshli Roʻziqul ota Haqberdiyev. – Shunday zamonlar ham oʻtdiki, bu bayramni bizdan olmoqchi, Navroʻzni yodimizdan oʻchirmoqchi boʻldilar. Shukrki, Navroʻzimiz yana oʻzimizga qaytdi, elimizning eng sevimli, farahbaxsh, quvonchli bayramlaridan biri sifatida har yili yangicha maʼno va mazmun bilan keng nishonlanib kelmoqda.

Navroʻz obodlik, mehr-oqibat, xayru saxovat ayyomidir. Xalqimiz bu yil ham Yilboshini ana shu ezgu tamoyillarga muvofiq kutib olmoqda. Bahorning dastlabki kunlaridan yurtimizda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari avjiga chiqdi. Hasharlar tashkil etilib, mahallalar, koʻchalar, aholi turar joylari obodonlashtirildi, mevali va manzarali daraxtlar, gul koʻchatlari oʻtqazildi.

Bayram kunlarida sergʻayrat yoshlar, qoʻli ochiq tadbirkorlar koʻmakka muhtojlarga beminnat yordam berdi. Bemorlarning holidan xabar olindi. Qoʻni-qoʻshnilar bir-birlariga Navroʻzning tansiq taomlarini ilindi.

Navroʻz biz uchun bunyodkorlik va yaratuvchilik bayrami sifatida ham qadrlidir. Navroʻzdan Navroʻzgacha mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Bu ezgu anʼana bu yil ham davom etdi. Yuzlab uy-joylar, zamonaviy korxonalar, madaniyat va sport saroylari qurildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, turizm va boshqa sohalarda strategik loyihalar amalga oshirildi. Iqtisodiyotni barqaror qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida oʻtgan yili aholining real umumiy daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.

Inson qadr-qimmatini eʼzozlash, uning manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻyish barcha boʻgʻindagi islohotlarning bosh shiori etib belgilangani erishilayotgan natijalarda ham yaqqol ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida boshlangan bunyodkorlik toʻlqini butun mamlakatimizni qamrab oldi. Bu xalqimiz ertaga, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak, degan olijanob gʻoyani roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Birgina oʻtgan yilning oʻzida bu boradagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada 416 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi. Bir soʻz bilan aytganda, odamlarning turmushi oʻzgardi, hayotiga mazmun kirdi.

...Ertamiz egalari boʻlgan bolalarning chiqishlari, ularning shoʻx-shodon kulgulari, mustaqil yurtning barkamol farzandlari ijrosidagi ona Vatanni, koʻklamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qoʻshiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq ulashadi. Navroʻz, yoshlik va barkamollikning naqadar uygʻunligi koʻz oʻngingizda gavdalanadi.

Oʻtgan yilda hayotimizning boshqa jabhalarida, jumladan, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish yoʻlida ham muhim qadamlar qoʻyildi. Ayniqsa, yurtimiz yoshlari Indoneziyada boʻlib oʻtgan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, Argentinada oʻtkazilgan oʻsmirlar Olimpiadasida yuqori oʻrinlarni egallagani barchamizni quvontirdi.

Mamlakatimizda barcha sohada olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlar samarasida iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligi mustahkamlanib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalib borayotganida namoyon boʻlmoqda. Jumladan, mamlakatimizning ochiq va faol tashqi siyosati jahon davlatlarining eʼtiboriga tushdi. Bugun Oʻzbekistonni ishonchli hamkor deb bilgan mamlakatlar safi kengayib, xalqaro munosabatlarda mamlakatimizning doʻstlari tobora ortib bormoqda.

2018 yilda ana shunday hamkor davlatlar bilan qariyb yigirmata rasmiy tashriflar amalga oshirildi va 52 milliard dollarlik 1 ming 80 ta loyiha boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Prezidentimizning joriy yilda Hindiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashriflari bu boradagi marralar sari qoʻyilgan yanada dadil qadamlar boʻldi.

– Navroʻz bayramining oʻziga xos shukuhi xalqlarni birlashtiradi, – deydi Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U. – Koreyslar ham Oʻzbekiston xalqi singari tabiat bilan bogʻliq udumlarni juda qadrlaydi. Bunday mushtaraklik xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar yanada mustahkamlanishida muhim omillardan biridir.

Oʻtgan yili “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida 21 trillion soʻm va 1 milliard dollarga teng 76 mingta loyiha amalga oshirilib, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida ulkan qadamlar tashlandi. Bu boradagi ishlar koʻlami Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida ham izchil davom ettirilmoqda.

Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida mamlakatimizga jami 4,2 milliard dollar qiymatidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobidan iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish koʻzda tutilgan. Bu, oʻz navbatida, har bir oila, har bir jamoa hayotida yangi-yangi oʻzgarishlarga olib keladi, xalqimizning bayramlarni shodu xurramlikda, tinchlik-xotirjamlikda tantana qilishiga zamin yaratadi.

Prezidentimiz Navroʻz umumxalq bayrami arafasida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Bu ham xalqimizga xos ezgulik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli boʻlish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi boʻldi.

...Sahna ortidagi yirik monitorlarda yurtimiz tabiati, xalqimizning farovon hayoti, keyingi yillardagi bunyodkorlik ishlari aks etgan tasvirlar bayram ishtirokchilari qalbida erishgan yutuqlarimizdan faxrlanish va mamnuniyat tuygʻularini joʻsh urdiradi...

Bu yilgi Navroʻz tantanalarida badiiy-folklor va etnografik jamoalarining chiqishlariga keng oʻrin berildi. Har bir hududning rang-barang anʼanalari, laparu oʻlanlari ijro etildi. Hur diyorimizda bir tanu bir jon boʻlib yashayotgan barcha millat va elat vakillarining badiiy chiqishlari qalblarni faxrga toʻldirdi.

Niyati ulugʻ xalqning – ishi ham ulugʻ, hayoti yorugʻ va kelajagi farovon boʻladi. Xalqimiz farzandlarimizning baxtini, kamolini oʻylab, obod va farovon kelajakni koʻzlab yorugʻ niyat bilan olgʻa intilmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugun ona tabiat bagʻrida yangilanish va yasharish fasli boshlanmoqda. Jonajon Oʻzbekistonimiz ham bugun oʻz milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻymoqda.

Fayzli majmuadagi shukuhli tantanada bu yana bir bor ifodasini topdi. Sanʼat ustalari, yosh ijrochilarning ona yurtni, istiqlolni, yangilanish va yasharish ayyomini madh etgan chiqishlari qalblarni toʻlqinlantirdi. Musiqiy ohanglar, diltortar raqslar, betakror sahna manzaralari barchaga zavq-shavq bagʻishladi. Bunday damlarda Vatanga muhabbat va sadoqat, oʻzgalarga mehr-oqibat koʻrsatish tuygʻusi jonu tanimizga yanada teranroq singayotgandek.

Navroʻz sayillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, tuman, qishloq va ovullarda davom etmoqda.

13 292
Matnazar Elmurodov, OʻzA