O‘zA O`zbek

20.10.2019 Chop etish versiyasi

Bosh vazir kubogi: futbol musobaqalarida 1/16 finalga yoʻl olgan barcha jamoalar maʼlum boʻldi

Bosh vazir kubogi: futbol musobaqalarida 1/16 finalga yoʻl olgan barcha jamoalar maʼlum boʻldi

Xabaringiz bor, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida futbol (erkaklar) va voleybol (ayollar) boʻyicha “Bosh vazir kubogi” musobaqalari oʻtkazilmoqda. Bugun “Bunyodkor” futbol akademiyasi mashgʻulot maydonlarida boʻlib oʻtayotgan futbol musobaqalarida 1/32 final uchrashuvlari yakuniga yetdi va keyingi bosqichga yoʻl olgan barcha jamoalar maʼlum boʻldi.

Afsuski, ikkinchi kungi oʻyinlarga ayrim jamoalar eʼtiborsizlik bilan qarashdi. Chunonchi, belgilangan vaqtda raqib jamoalar maydonga yetib kelmagani sababli Madaniyat vazirligi, “Oʻzbektelekom”, “Asaka bank” kabi jamoalar oʻyinsiz keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzmetkombinat” AJ oʻrtasidagi oʻyin keskin va murosasiz kurashlar ostida oʻtib, unda vazirlik xodimlari 3-2 hisobida qiyinchilik bilan gʻalabaga erishdi. Yana bir qiziqarli uchrashuv Gidrometeorologiya markazi hamda Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, yaʼni OʻzA jamoalari oʻrtasida oʻtib, unda kichik hisob bilan gʻalaba qozongan Gidrometeorologiya markazi xodimlari keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Yakshanba kungi oʻyinlar orasida koʻpchilikning eʼtibori Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi oʻrtasidagi uchrashuvga qaratildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bitta soha vakillari oʻrtasidagi oʻyin doʻstona ruhda kechib, unda omad vazirlik jamoasiga kulib boqdi – 4:1.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati xabarida qayd etilishicha, “Bosh vazir kubogi”ning futbol musobaqalari ikkinchi kungi oʻyinlarida quyidagi natijalar qayd etilgan:

Futbol boʻyicha “Bosh vazir kubogi-2019” musobaqasi

20-oktyabr, yakshanba. 1/32 final

Din ishlari boʻyicha qoʻmita – Respublika “Mahalla” fondi – 1:0

“Oʻzbekgidroenergo” – Madaniyat vazirligi -:+

Qishloq xoʻjaligi vazirligi – “Oʻzmetkombinat” AJ – 3:2

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi – Innovatsion rivojlanish vazirligi – 0:4

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” – Davlat test markazi – 0:2

Pensiya jamgʻarmasi – “Maksam Chirchiq” -:+

Maktabgacha taʼlim vazirligi – Suv xoʻjaligi vazirligi – 0:4

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi – Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi – 4:1

Gidrometeorologiya xizmati – Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – 1:0

“Oʻzbektelekom” – Oʻzbekiston Milliy elektr tarmoqlari -:+

“Asaka bank” – “Oʻzbekbaliqsanoat”+:-

Oliy majlis senati – Transport vazirligi – 0:2

Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi – “Agrobank” – 0:7

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” – Oliy taʼlim vazirligi – 2:3

“Oʻzstandart” agentligi – Kasaba uyushmalari federatsiyasi – 0:2

“Oʻzagrosugʻurta” – Sogʻliqni saqlash vazirligi – 0:3

Eslatib oʻtamiz, “Bosh vazir kubogi”ning saralash bosqichidan oʻrin olgan barcha oʻyinlar “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida, 27-oktyabr kuni oʻtkaziladigan final uchrashuvi esa “Milliy” stadionda tashkil etiladi.

1 360
O'zA