Beshta viloyatdagi musiqa va san`at maktablarida baxshichilik yo`nalishi bo`yicha maxsus sinflar tashkil etildi
Termiz shahrida xorijlik va mahalliy jurnalistlar uchun Xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi
Termiz shahrida xorijlik va mahalliy jurnalistlar uchun Xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Ayni kunlarda Termiz shahrida bo`lib o`tayotgan Xalqaro baxshichilik san`ati festivali ham madaniyat va san`atni yanada yuksaltirishga, nomoddiy madaniy boyligimizning bir bo`lagi bo`lgan baxshichilik yo`nalishini dunyoga keng tarannum etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yurtimizda qadimiy dostonchilik san`atini rivojlantirishga samarali hissa qo`shayotgan baxshilar xizmatini munosib rag`batlantirish uchun O`zbekiston Xalq baxshisi unvoni ta`sis etilgan. Festival va ko`rik-tanlovlar o`tkazish yo`lga qo`yilgan.
Xalqaro festivalning ochilishiga bag`ishlangan tantanali marosim, festival doirasida tashkil etilgan xalqaro baxshilar ko`rik-tanlovi, ilmiy-amaliy konferentsiya va boshqa tadbirlar xorijlik ishtirokchilarda katta qiziqish o`yg`otayotgani e`tiborga sazovardir.
Mazkur festivalning aynan Surxondaryo viloyatida o`tkazilayotganida chuqur ma`no bor. Zero, mazkur vohada yurtimizning boshqa hududlariga nisbatan dostonchilik san`ati mustahkam saqlanib qolgan.
Mamlakatimizda baxshichilik san`atini qo`llab-quvvatlab, rag`batlanirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar asnosida Termiz shahridagi 22-bolalar musiqa, san`at va baxshichilik maktabi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi bir qator zamonaviy musiqa va san`at maktablarida baxshichilik yo`nalishi bo`yicha maxsus sinflar tashkil etildi.
Matbuot anjumanida O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullaev xorijlik va mahalliy jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.