O‘zA O`zbek

09.07.2020 Chop etish versiyasi

Belgilangan tartibga rioya qilish infeksiya zanjirini uzadi

Belgilangan tartibga rioya qilish infeksiya zanjirini uzadi

Koronavirusning oddiy kasallik emasligini ayrimlar tushunib yetmayapti. Shifokorlarni tavsiyalariyu karantin qoidalariga amal qilinmayotgani virusning tarqalishiga imkon yaratmoqda. Shu bois mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlganidek, Fargʻona viloyatida ham cheklovlar qayta tiklanayotir.

Bugun koʻchalarda niqob taqmayotgan, oddiy talablarni ham bajarmayotganlar uchrab turibdi. Shu bois targʻibot ishlarini kuchaytirish yana-da muhim. Karantin qoidalarini targʻib qilishda yoshlar faol ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan pandemiya davrining ilk kunlaridan boshlab “Koʻngilli targʻibotchi yoshlar” guruhi tashkil etildi. Aholi oʻrtasida karantin talablari va sanitariya qoidalariga qatʼiy amal qilinishini targʻibot qiluvchi ana shunday faol va fidoyi yoshlar safi yana-da kengaymoqda.

“Yoshlar ittifoqi – karantin targʻibotchisi” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlar barcha joylarda tizimli amalga oshirilmoqda. Targʻibot guruhlari barcha tuman-shaharlarda tuzilgan boʻlib, har bir hududda 35-40, jami 500 nafardan ziyod koʻngilli yoshlarni qamrab olgan. Manzilli reja asosida bozorlar, savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish joylari, shuningdek, korxona, tashkilot va muassasalarni dezinfeksiyalash, fuqarolarning koʻchaga tibbiy niqobsiz chiqmasliklari, undan toʻgʻri foydalanishlari, ish va jamoat joylarida oraliq masofani saqlashlari, tibbiyot qoʻlqoplari va antiseptik vositalaridan muntazam foydalanish zarurligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Aholiga “Koronavirusni qatʼiy karantin bilan yengamiz!” shiori mazmuni aks etgan eslatma materiallar hamda bepul tibbiy niqoblar tarqatilmoqda.

– Fargʻona, Quvasoy, Qoʻqon va Margʻilon shaharlaridagi muhim ijtimoiy obyektlar, koʻchalar va mahallalarda 200 nafardan ziyod faol koʻngilli yoshlar karantin targʻiboti bilan shugʻullanmoqda, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Ahadjon Akbarov. –Fargʻona shahridagi targʻibotchi yoshlar shahar markazidagi savdo majmuasi, Ahmad al-Fargʻoniy xiyoboni, dehqon bozori, gul bozori va ushbu obyektlarning atrof hududlarida dezinfeksiya ishlari va karantin targʻibotini amalga oshirdi. Dangʻara tumanidagi targʻibot guruhi aʼzolari tomonidan “Nastarin” savdo markazi, tuman markaziy bozori va avtoshohbekat hududi, shuningdek, “Navbahor”, “Istiqlol”, “Bogʻish”, “Naymancha” mahalla fuqarolar yigʻinlarida shunday tadbirlar oʻtkazildi.

Koʻrinmas yov atrofda kezib yuribdi. Belgilangan tartibga rioya qilib, oʻzimizni, oilamizni asrash mazkur infeksiyaning zanjirini uzishda muhim ahamiyatga ega. Shuni aslo unutmang!

2 961
M.SULAYMONOV, OʻzA