O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Baxshilar festivalida kattaligi boʻyicha dunyoda yagona soʻzana namoyish etiladi

Baxshilar festivalida kattaligi boʻyicha dunyoda yagona soʻzana namoyish etiladi

Surxondaryoda boʻlib oʻtadigan I Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga bagʻishlab boysunlik hunarmandlar tomonidan dunyoda eng katta soʻzana tikildi.

20 nafar qoʻli gul chevarlar tomonidan nozik did, yuksak mahorat bilan yaratilgan ushbu sanʼat namunasining uzunligi 25 metrni, eni esa 6 metrni, ogʻirligi 60 kilogramni tashkil etadi.

Mohir kashtadoʻzlar tomonidan mehr bilan tikilgan ushbu soʻzana olti oy davomida yaratildi. Tinimsiz mehnat mahsuli hisoblangan kashtachilik namunasini yaratish uchun vohani aks ettiruvchi turli yorqin rangdagi 16 kilogramm ipaklardan foydalanildi.

Soʻzanani tikishda vohaga xos boʻlgan qadimgi kashtachilikning toʻldirma yoʻnalishidan foydalandik, — deydi hunarmand Nilufar Joʻrayeva. — Uning markazida tasvirlangan 5 ta gullarning har birining (kashtachilikda oylar deb yuritiladi) aylana diametri 2 metr, atrofidagi kichik 14 ta gullarning har birining diametri 1 metrni tashkil etadi. Viloyatimizda oʻtkaziladigan muhim tadbirda ushbu ishlarimiz oʻrin olganidan va ushbu festivalga biz hunarmand xotin-qizlar ham oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan xursandmiz.

Aytish kerakki, soʻzana tikish avvalida uning chizmasini (gullarni chizish) tayyorlash zarur. Bu jarayon kashtadoʻzdan eng muhim eʼtibor talab etadi.

Gullar markazdan oʻng va chap tomonga qarab chiziladi. Bunda har bir detallar matematik oʻlchov asosida chizib chiqiladi. Alvon matoga tushirilgan gullar chizmasini mohir tikuvchilar 6 kun mobaynida tayyorlashdi. Undan soʻng chizmalarni ipak orqali toʻldirma uslubida tikish, astarlash, qavish va magʻizlash jarayonlari ham ancha murakkabdir.

Surxon milliy urf-odat va qadriyatlari va qadimiy anʼanalarini oʻzida mujassam etib kelayotgan soʻzanalar xalqimizning boy madaniy merosi hisoblanadi. Xalq amaliy-bezak sanʼati turlaridan biri boʻlgan kashtalik yoʻnalishini saqlab qolish, kelajak avlodga yetkazish barchaning birdek vazifasi boʻlishi zarur.

Festival oldidan koʻpchilikka namoyish etiladigan ushbu soʻzanani yaqin kunlarda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun mutaxassislar taklif etilishi rejalashtirilgan.

photo_2019-03-31_16-58-03.jpg

photo_2019-03-31_16-58-04.jpg

photo_2019-03-31_16-58-05.jpg

1 883
Nargiza Rahmatullayeva, OʻzA