O‘zA O`zbek

05.03.2020 Chop etish versiyasi

Ayol tilsimotini fotosuratlarda ham aks ettirish mumkin

Ayol tilsimotini fotosuratlarda ham aks ettirish mumkin

Toshkent Fotosuratlar uyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan koʻrgazma namoyishi boshlandi.

Anʼanaviy oʻtkazib kelinadigan ushbu koʻrgazma ekspozitsiyasida 60 ga yaqin saralangan asar namoyish etilmoqda. Koʻrgazmadan taniqli fotograflar bilan birgalikda havaskor ijodkorlarning ham fotosuratlari oʻrin olgan.

– Ayol – tilsim, uning har bir xarakterida yangi goʻzallikni koʻrish mumkin, – deydi sanʼatshunos Shahnoza Begimova. – Koʻrgazmada namoyish etilayotgan fotolarda turli kasbda faoliyat yuritayotgan ayollar nafosati aks etgan. Ayollarning porloq nigohi, nim tabassumi, nozik harakati va latofati barq urib turibdi. Ayol gulga qiyoslanadi. Uning goʻzalligi boqiy tabiatga mengzaladi, kayfiyati va nozik xarakteri tabiat hodisotlariga oʻxshatiladi. Shu bois, koʻrgazma asarlarida yomgʻirdagi lolalar, kamalak jilosidagi rang-barang gullar ham aks ettirilgan.

Koʻrgazma 10-martga qadar davom etadi.

6 066
Dilobar Mamatova, muxbir. Temur Mamadaminov (surat), OʻzA