O‘zA O`zbek

13.07.2020 Chop etish versiyasi

Askarlar vatanga qasamyod qildi

Askarlar vatanga qasamyod qildi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida joriy yil muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun kelgan ming nafarga yaqin yoshlar mana shunday sinovli damlarda yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrashni, uni himoya qilishni ahd qilib, Vatanga qasamyod qabul qildi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlimi vakillari ishtirok etdi.

Tantanali marsh sadolari ostida maydonga jangovar bayroq olib kirildi.

Shundan soʻng yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar karantin qoidalari va tartiblariga rioya etgan holda ona yurtimizning sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini soʻnggi nafasi qolguncha himoya qilishga vaʼda berib, “Vatanga qasamyod” matni boʻyicha sodiqlikka ont ichdi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat madhiyalari yangradi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining askarlarga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

Taʼkidlash joizki, yurtimizda karantin qoidalari kuchaytirilgani sababli tantanali tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok eta olmadi. Ammo, harbiy okrug qoʻmondonligining tashabbusi bilan tadbirda oʻgʻlonlarning qasamyod qabul qilish jarayoni aks etgan fotosurat hamda videolavhalar har bir ota-onaga elektron shaklda messenjerlar orqali yuborilishi taʼminlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining askarlarga sovgʻasi sifatida taqdim etilgan “Oʻzbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblari ularga oʻzgacha quvonch bagʻishladi. Har bir askarga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining yoʻllagan nomma-nom tabriknomasi, yigit kishi hayotida bir marotaba boʻladigan Vatanga qasamyod marosimi haqida iliq taassurotlarning bir umrga muhrlanishini taʼminladi.

Tadbir davomida yaqindagina Qurolli Kuchlar safiga kelgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qurol bilan koʻrgazmali saf va qoʻl jangining murakkab elementlaridan iborat boʻlgan chiqishlar, oʻqotar qurollarni koʻzi bogʻliq holda notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish boʻyicha mashqlar namoyish etildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy orkestri jamoasi tomonidan milliy kuy va qoʻshiqlar tantanaga bayramona ruh bagʻishladi.

2 800
Dovud ABIBULLAYEV, Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA