O‘zA O`zbek

15.07.2020 Chop etish versiyasi

Andijonda suyultirilgan gazni tashish uchun yangi turdagi vagon-sisternalar ishlab chiqarilmoqda

Andijonda suyultirilgan gazni tashish uchun yangi turdagi vagon-sisternalar ishlab chiqarilmoqda

Mamlakatimizda aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash hamda tizimda xizmat koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilash maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ayni vaqtda respublikamizdagi mavjud 3,6 million isteʼmolchilar 4,5 milliondan ortiq maishiy gaz ballonlaridan foydalanmoqda. Isteʼmolchilarning suyultirilgan gazga boʻlgan talabi ortishi hisobidan, uni avtotransport vositalarida tashishdan vagon-sisternalarda tashishga bosqichma-bosqich oʻtkazish rejalashtirilgan. Shu sababli, “Hududgaztaʼminot” AJ 42 tonnagacha uglevodorod gazini tashishga moʻljallangan 15-9872 modelidagi vagonlarning yangi modifikatsiyalarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihani amalga oshirmoqda. Andijon mexanika zavodining Paxtaobod filialida ishlab chiqarilayotgan mazkur sisternalarda suyultirilgan gaz tashishning oʻziga xos afzalliklari bor. Xususan, bu vagonlardan iborat bitta tarkibda 2000 tonnagacha boʻlgan suyultirilgan gazni tashish imkoniyati mavjud. Natijada tashish hajmi 40 foizgacha ortadi.

Hozirda vodiy viloyatlariga suyultirilgan gaz olib keluvchi vagon-sisternalarning sigʻimi 60 m.kub boʻlsa, yangi modifikatsiyadagilarniki 83 m.kub sigʻimga ega. Bitta 60 m.kub sigʻimli vagondagi suyultirilgan gaz 1 ming 500 dona maishiy gaz ballonga yetsa, yangi turdagi sisternalarda bu koʻrsatkich 300 taga ortadi.

Dastlabki yangi 5 ta vagon-sisternada olib kelingan suyultirilgan gaz 9 ming xonadondagi isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda.

3 556
Zuhriddin UMURZOQOV(surat), OʻzA