O‘zA O`zbek

11.09.2020 Chop etish versiyasi

Andijonda ichimlik va oqova suv tarmoqlari taʼmirlandi

Andijonda ichimlik va oqova suv tarmoqlari taʼmirlandi

Aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida “Andijon suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.

– Viloyatda joriy yilning shu kunigacha 35,6 kilometr masofadagi ichimlik va oqova suv tarmoqlari taʼmirlandi, – deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ rahbari Shuhratbek Matmusayev. – Bundan tashqari, 23 ta suv inshooti, 252 ta suv nasoslarida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilib, toʻla quvvat bilan ishlash holatiga keltirildi.

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida texnik vositalarning sozligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tizimga xizmat koʻrsatuvchi mavjud 138 ta avtomashinadan 20 tasidagi nosozliklar bartaraf etildi.

Aholiga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, qolaversa, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida viloyat boʻyicha 20 ta nosozliklarni bartaraf etish guruhlari tashkil etildi. Ushbu guruhlar tarkibiga 75 nafar malakali usta va ishchilar, zarur texnik vositalar biriktirildi. Ular kechayu kunduz 24 soat mobaynida xizmat koʻrsatadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, suv taʼminoti borasida uzilishlarga yoʻl qoʻymaslik, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etishdir.

Umuman, viloyatda shu yilning oʻtgan davrida ichimlik suvi bilan bogʻliq 2 ming 266 ta, oqova suv tarmogʻiga aloqador 348 ta nosozlik yuzaga kelgan boʻlib, ular mutaxassislar tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etilgan.

Suv taʼminoti tizimida viloyatning barcha tuman va shaharlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida tizimli ravishda olib borilmoqda.

3 677
F.UBAYDULLAYEV, Z.UMRZOQOV (surat), OʻzA