O‘zA O`zbek

27.07.2020 Chop etish versiyasi

Andijon tibbiyot muassasalarida kislorod yetkazib beriladigan zaxira oʻrinlari yaratilmoqda

Andijon tibbiyot muassasalarida kislorod yetkazib beriladigan zaxira oʻrinlari yaratilmoqda

Andijonda SOVID-19ga qarshi kurash doirasida tibbiyot muassasalarida qoʻshimcha 2 mingta zaxira oʻrinlari yaratilmoqda. Ular davlat, xususiy klinikalarida tashkil etiladi. Boʻlajak palatalarga tibbiy kislorod yetkazib berish masalasini hozirdanoq hal etishga kirishilgan.

Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov mazkur masala muhokamasiga bagʻishlab Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida yigʻilish oʻtkazdi.

Taʼkidlash joiz, oʻtgan yilning sentyabr oyida klinikada respublikamizda yagona boʻlgan tibbiy kislorod ishlab chiqarish mini-zavodi ishga tushirilgan edi. 130 ming yevro qiymatidagi mini-zavod Sogʻliqni saqlash vazirligi va GIZning “Oʻzbekistonda peshqadam tibbiy texnologiyalarni boshqarish” loyihasi asosida barpo qilingan.

– Koronavirus xastaligiga chalinganlarda pnevmoniya alomatlari koʻproq kuzatilmoqda, - deydi ADTI rektori Madamin Madazimov. – Shu sababli zaxira oʻrinlarga kislorod yetkazib beriladigan boʻlsa, muolajalar samarasi ortadi.

Viloyat hokimi kislorod sexlari uchun uskunalar keltirishni oʻz zimmasiga olgan holda bemor oʻrinlari yaratiladigan muassasalarda palatalarga ulanish uchun kerakli tibbiy-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish vazifasini tadbirkorlar va oʻsha muassasa rahbarlariga topshirdi.

–Hozirda bizning mini-zavodimiz 36 ta reanimatsiya oʻrinlariga kislorod yetkazib beradi, - deydi ADTI klinikasi bosh shifokori Bahodir Rahmonov. – Zarur kommunikatsiya tarmoqlari tortilsa, bu raqam 700 taga yetkazilishi mumkin.

6 129
Zuhriddin UMURZOQOV olgan suratlar, OʻzA