O‘zA O`zbek

11.09.2020 Chop etish versiyasi

Andijon davlat universitetida magistratura yoʻnalishi boʻyicha imtihonlar boshlandi

Andijon davlat universitetida magistratura yoʻnalishi boʻyicha imtihonlar boshlandi

Andijonda 2020/2021 oʻquv yili uchun viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga kirish imtihonlari boshlandi.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy yilda imtihonlar markazlashgan holda tashkil etilib, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun roʻyxatdan oʻtgan barcha talabgorlar viloyatda tashkil etilgan maxsus tayyorlangan binolarda onlayn imtihon topshirmoqda.

Andijon davlat universitetining Chet tillar fakulteti binosida maxcuc joy hozirlanib, bir vaqtning oʻzida 200 nafar talabgor imtihon topshirishi mumkin. Imtihonlar uch smenada, soat 8.00, 12.00 va 16.00 da oʻtkaziladi.

Imtihon oʻtkaziladigan hududga kirishdan avval abituriyentlarning tana harorati oʻlchanib, antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya qilinmoqda. Imtihon jarayonlari toʻliq kuzatuv kameralari nazorati ostida oʻtmoqda. Belgilangan xonalarga 14 ta videokamera oʻrnatilgan.

– Imtihonlar belgilangan tartib va meʼyorlarga toʻla amal qilingan holda oʻtkazilmoqda, – deydi Andijon davlat universiteti Matbuot kotibi Sharofiddin Hoshimjonov. – Imtihonning birinchi kunida uch smenada qatnashishi lozim boʻlgan 600 nafar talabgordan 60 nafari test sinovlariga kelmadi. Abituriyentlar test natijalarini shu vaqtning oʻzida bilib olmoqda.

Eslatib oʻtamiz, abituriyentlarning imtihon topshiradigan kuni, joyi va vaqti http://ruxsatnoma.edu.uz/ manzili orqali yuklab olgan “Ruxsatnoma”da koʻrsatilgan.

3 708
F.UBAYDULLAYEV, Z.UMRZOQOV (surat), OʻzA