O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Afgʻoniston siyosiy yetakchilari prezidentlik saylovida ishtirok etdi

Afgʻoniston siyosiy yetakchilari prezidentlik saylovida ishtirok etdi

Millionlab afgʻonistonliklar singari siyosiy yetakchilar, jumladan, amaldagi Prezident Ashraf Gʻani va Bosh vazir Abdulla Abdulla mamlakatda uchinchi bor oʻtayotgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etib, nomzodlarga ovoz berdi.

Prezident Ashraf Gʻani ushbu muhim voqelik munosabati bilan isyonchilarning tahdidlariga qarshi kurashgan va ovoz berish jarayonlarida ishtirok etayotgan afgʻon xalqiga murojaat bilan chiqdi.

“Men barcha afgʻon xalqiga demokratiyaga sodiqligi, rivojlanayotgan va suveren Afgʻonistonga boʻlgan sadoqati uchun minnatdorlik bildiraman. Sizlarning saylovlarda ishtirok etishingiz Konstitutsiya tarafdorlari ekaningizdan dalolat. Saylovlar mamlakatdagi demokratik tizim davomiyligini belgilaydi“, degan Prezident Kobuldagi Amaniy maktabi binosida tashkil etilgan ovoz berishda.

Shuningdek, Ashraf Gʻani saylovlarni tashkil etishda jonbozlik koʻrsatayotgan mamlakat xavfsizlik va mudofaa kuchlariga, ovoz berishda qatnashayotgan xotin-qizlarga ham oʻz tashakkurini yetkazdi, deyiladi Tolo News xabarida.

Mamlakat Bosh vaziri, ayni paytda prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla ham muhim siyosiy voqelikda ishtirok etdi. U oʻz murojaatida “Tolibon“ tomonidan tahdidlarga bergan javobi haqida eslatib oʻtgan.

“Tahdidlarga qaramasdan, saylovlarda ovoz berish uchun kelgan Afgʻoniston xalqiga cheksiz hurmat koʻrsatishni istaymiz. Men bir fuqaro sifatida Toliblarga quyidagini yana bir bor taʼkidlashni istardim: “Tahdidingiz va begunoh odamlarning qoni toʻkilishi bu – sizning oldingizga qoʻygan maqsad emas“.

Ikkinchi vitse-prezident Muhammad Sarvar Danish ovoz berish chogʻida afgʻonistonliklarni saylovlarda faol ishtirok etishga chaqirgan.

Saylovlardagi shikoyatlar boʻyicha mustaqil komissiya rahbari Zuxra Bayan Shinvariy xonimning taʼkidlashicha, oʻtayotgan saylovlar demokratik tamoyillarga asoslangan Afgʻoniston kelajagini belgilashda muhim ahamiyatga ega.

Prezidentlikka saylovlar mamlakat hududlarida ham davom etyapti. Nangarxarda xavfsizlik nuqtayi nazaridan mavjud 456 ta saylov uchastkasidan 61 tasi oʻz faoliyatini tashkil qilmagan.

“Biz fuqarolarimizga hech nimadan tashvishlanmay oʻz ovozlarini berishlari mumkinligini taʼkidlamoqchimiz. Aholi erta tong boʻlishiga qaramasdan saylov uchastkalariga kela boshlaganidan mamnunmiz“, deya Nangarxar xavfsizlik kuchlari yuqori martabali mulozimi soʻzlaridan iqtibos keltiriladi Tolo News xabarida.

510
OʻzA