O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Adirlikda tashkil etilgan meva-sabzavotchilik klasteri

Adirlikda tashkil etilgan meva-sabzavotchilik klasteri

Namangan viloyati Pop tumanida unumsiz yerlarni oʻzlashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, “Nuran uz” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan adirliklardan iborat 1 ming 885 gektar yerda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etilgan.

Joriy yilning bahorida ushbu maydonning 100 gektariga oʻrik, 70 gektariga gilos koʻchatlari ekildi, 12 gektar yerda uzumzor barpo etildi. Bogʻda ekilgan “Magador”, “Maryblon 29 c”, “Flopria” navli hosildor oʻrik koʻchatlari Ispaniyadan keltirilgan boʻlib, ikki oyligidayoq nishona koʻrsatdi. Kelasi yildan bogʻ toʻliq hosilga kirib, gektaridan 70 tonnagacha meva beradi. Bu gektariga 50 ming dollarlik meva eksport qilish mumkin, degani.

Klaster egalari yerdan unumli foydalanib, bogʻ qator oralarida qovun, tarvuz yetishtirmoqda. Ayni kunlarda gʻarq pishgan shirindan shakar qovun-tarvuzlar xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

Taʼkidlash joiz, qirq yildan ziyod vaqt mobaynida samarasiz yotgan yerlarda intensiv bogʻ yaratishga innovatsion asosda yondashilgan, suvni tejaydigan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan. Ushbu mexanizmni klasterning oʻzi yaratgan boʻlib, bu 50 foiz mablagʻni tejash imkonini berdi. Buning uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqariladigan 4 ta quduq qazilib, tortib olingan suv shu yerdagi hovuzda toʻplanadi. Toʻliq kompyuterlashtirilgan tizim chanqagan yerlarga avtomatik tarzda suvni yuboradi. Yaʼni, hamma ish inson omilisiz, kompyuter orqali boshqariladi. Bu – ikki bosqichli loyihaning dastlabkisi boʻlib, 2021-2022-yillarga moʻljallangan keyingi bosqichda yana 1 ming 455 gektar yer oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Loyiha toʻliq amalga oshgach, 350 ta ish oʻrni yaratilib, yiliga 10 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish imkoni paydo boʻladi.

3 167
Hotam MAMADALIYEV(surat), OʻzA