O‘zA O`zbek

05.03.2019 Chop etish versiyasi

5 ming 943 nafar bola bogʻchada, yana 5 ming nafari navbat kutmoqda

5 ming 943 nafar bola bogʻchada, yana 5 ming nafari navbat kutmoqda

Samarqand tumanida 23 ming 328 nafar maktab yoshigacha boʻlgan bolaning 5 ming 943 nafari 55 ta davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan.

– Bogʻcha yoshidagi bolalar soniga nisbatan ularni qamrab oluvchi muassasalar soni ancha kam, – deydi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri Dulfuza Azizova. – Ayni paytda navbat kutayotgan bolalar soni 5 mingga yaqin. Shu bois, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida bor imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz. Davlat dasturlari va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 3 ta DMTM yaqin kunlarda faoliyat boshlaydi. Muammoni hal etishda davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi va nodavlat MTM tashkil etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Masalan, 43 nafar tashabbuskor tadbirkor maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etish taklifini bildirgan. Shundan 9 nafari davlat-xususiy sherikchiligi asosida MTM faoliyatini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilgan. Dehnav mahallasida tadbirkor Dilafroʻz Qobilova tomonidan barpo etilayotgan 100 oʻrinli davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat MTM shu oyda ishga tushadi. Belgilangan rejaga muvofiq, mart oyi davomida 7 ta MTM ish boshlaydi.

6.JPG

Aytish kerakki, NMTMlarga ota-onalarning ishonchi ortmoqda. Talibarzui poyon mahallasida tadbirkor Sohiba Muhiddinova ochgan “Nurshod fayz” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida 85 nafar tarbiyalanuvchi tarbiyalanmoqda.

– Muassasamiz joriy yilda faoliyat boshladi, – deydi S. Muhiddinova. – Mahallamizda maktabgacha taʼlim muassasasi yoʻqligi bois, koʻpchilik farzandlarini ilk kunlardanoq muassasamizga olib keldi. Kun sayin talabgorlar koʻpaymoqda. Ayni paytda uchta guruh faoliyat yuritayotgan boʻlsa, yaqin kunlarda ular soni 4 taga yetadi. Taʼlim-tarbiya ishlari “Ilk qadam” dasturi va davlat standartlari talablari asosida yoʻlga qoʻyilgan. Tarbiyalanuvchilarning barkamol voyaga yetishlari uchun ingliz tili, matematika, shaxmat, gimnastika toʻgaraklari mavjud.

11.JPG

Tumanda bugungi kunda 17 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ham faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 400 nafar tarbiyalanuvchi kamolga yetayotir. Shirinobod mahallasida yashovchi tadbirkor Sanobar Qobilova 25 oʻrinli “Farzona” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etgan.

12.JPG

Tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri taʼkidlashicha, oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga ularga yaqin hududda joylashgan davlat maktabgacha taʼlim muassasalari oʻquv-uslubiy yordam berish maqsadida biriktirilgan. ONMTMda taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun oyda bir marta boʻlim tomonidan oʻquv-seminarlar oʻtkazilmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida ayni paytda tumandagi maktabgacha yoshdagi bolalarning MTMga qamrovi joriy yil yakuniga qadar 46 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

1 959
Alisher Isroilov (surat), OʻzA