O‘zA O`zbek

24.10.2016 18:51 Yangi qonunlarga sharhlar

Yoshlar qonun mohiyati bilan tanishdi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati va uning ahamiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda professor-o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlodning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularning kelajagi yo‘lida g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning milliy tizimiga asos solingani ta’kidlandi.

Xalqimiz Vatanimiz kelajagi, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi yoshlarimizning qay darajada ta’lim-tarbiya olishi, qanday inson bo‘lib katta hayotga kirib kelishiga bog‘liq ekanini chuqur anglamoqda. Kelajagimiz egalarining hech kimdan kam bo‘lmay kamolga yetishi uchun ijtimoiy-huquqiy kafolatlarni yanada takomillashtirib borish zarur.

– “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mustahkamlashga, yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi E.Qodirov. – Jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu boradagi islohotlarning samarasi ko‘p jihatdan fuqarolar, mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarning huquqiy madaniyati darajasiga bog‘liqdir. Navqiron avlod taqdiri davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi, huquqiy manfaatlari alohida qonun bilan himoya qilinishi ular uchun ulkan imkoniyatlar eshiklarini ochish bilan bir qatorda o‘g‘il-qizlar qalbida faxr tuyg‘usini paydo qiladi, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Har bir o‘g‘il-qiz o‘z haq-huquqlarini bilishi, qonunlarimizni chuqur o‘rganishi, ularning mazmun-mohiyatini anglab yetishi lozim.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-sentabrda imzolagan "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi yangi qonun yosh avlod manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishi, davlat tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari mustahkamlab qo‘yilgani hamda ularning boy o‘tmishimiz, an’analarimizni mukammal biladigan, yot g‘oyalarga qarshi tura oladigan, "ommaviy madaniyat", diniy ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi tahdidlarga qarshi kurasha oladigan bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Tadbirda mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Mutaxassislar yoshlarning savollariga javob qaytardi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA