Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

31.08.2017 11:34 Yangi qonunlarga sharhlar

O‘z bolangni o‘zing asra

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun farzandlarimiz kamoliga xizmat qiladi.

Xalqimizning asrlar davomida sayqallangan qadriyatlari tizimida farzand tarbiyasi masalasi alohida o‘ringa ega. Bugungi kunda ham yurtimizda yoshlar siyosati, xususan, ta’lim-tarbiya sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Harakatlar strategiyasida yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qisqa davr ichida mazkur yo‘nalishda ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Maktabgacha va o‘rta ta’limni yanada takomillashtirish borasida muhim qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi yoshlar bilan ishlash tizimidagi muhim qadam bo‘ldi.

Shu bilan birga, farzandlarimizni sog‘lom qilib voyaga yetkazish, ularni turli zararli illatlar, xurujlardan himoya qilish doimiy e’tiborda. Zero, bugungi kunda axborot vositalaridan aksariyat hollarda jamiyat rivoji va tinchligiga raxna solish, yoshlar, ayniqsa, bolalar sog‘lig‘iga ziyon yetkazish, ularning ongi va dunyoqarashini toraytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan uzoqlashtirish, irodasini zaiflashtirish kabi g‘arazli va past maqsadlarda foydalanilayotganligi sir emas.

Milliy qonunchiligimizda, xususan, Jinoyat kodeksida bu kabi jinoyatlarga nisbatan muqarrar jazo choralari belgilangan.

“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonun bu borada yana bir muhim qadam bo‘lib, milliy qonunchiligimiz bazasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

6 bob, 27 moddadan iborat yangi qonun mazmun-mohiyatiga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish borasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Ushbu munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ko‘lami va ishtirokchilari bilan bog‘liq jihatlarni qamrab oladi.

Qonunda axborot mahsuloti va uning yosh tasnifi, axborot mahsulotini ekspertizadan o‘tkazish, axborot mahsulotining aylanishi hamda bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot va boshqa shu kabi qator tushunchalar mazmuni batafsil yoritilgan.

Ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi organ va muassasalar tizimi hamda ularning vakolatlari aniq belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilangan. Mazkur organga sohadagi davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu yo‘nalishda me’yoriy-huquqiy hujjatlar va davlat dasturlari ishlab chiqish, sohaga oid qonunchilikka rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish kabi qator vakolatlar berilgan.

Qonunda bu jarayonda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Respublika va hududiy idoralararo komissiyalari hamda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakolatlari va ishtiroki ham mustahkamlangan.

Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi vazifa va vakolatlarning bunday keng ko‘lamda taqsimlanishining o‘ziyoq ushbu sohaning nechog‘lik dolzarb ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.

Ma’lumki, axborot tushunchasi va uning ta’sir doirasi beqiyos darajada keng. Ayni shu nuqtai nazardan qaraganda, bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni tasniflash va axborot mahsulotining yosh toifalarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan qonunda bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan hamda tegishli yosh toifasiga ko‘ra tarqatilishi cheklangan axborot alohida norma bilan ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, bolalarni o‘z hayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etish, jumladan, sog‘lig‘iga zarar yetkazish, o‘z joniga qasd qilishga va shu harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan axborotlarni tarqatish taqiqlanadi. Bolalarda narkotik vositalar, psixotrop moddalar yoki ularning aql-iroda faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi boshqa moddalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, darbadarlik, tilanchilik yoki boshqa ko‘rinishdagi noijtimoiy harakatlar bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan axborotlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Insonlar yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoxud oqlaydigan yoki zo‘ravonlik xatti-harakatlarini sodir etishga undaydigan, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan,  shuningdek, ota-onalar va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan axborot tarqatilishi mumkin emas. Noqonuniy xatti-harakatni oqlaydigan va qonunbuzilishini sodir etishga undaydigan, jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga undaydigan, haqoratli so‘zlarni va pornografiya xususiyatiga ega axborotni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlarini bolalar o‘rtasida tarqatish qat’iyan taqiqlanadi.

Qonunda bolalarni zararli axborotdan himoya qilish sohasida sog‘liqni saqlash organlarining o‘rni va vazifalari ham aniq belgilab berilgan. Xususan, axborotning yuqorida sanab o‘tilgan zararli ta’sirlaridan jabrlangan bolalarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shuningdek, axborot mahsuloti tarkibidagi zararli elementlarni aniqlash mezonlarini takomillashtirish bo‘yicha mazkur tizimning funksiya va vazifalari alohida norma bilan mustahkamlangan. Qayd etish lozimki, ushbu norma sog‘liqni saqlash organlari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Shuningdek, mazkur norma axborot mahsulotining bolalar salomatligiga salbiy ta’sirlarini kamaytirish va bartaraf etish ta’minlanishiga hamda axborot mahsulotlarini baholashdagi turli subyektiv yondashuvlarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Qonun bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir qonunchilikka rioya etilishi ustidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarimizning jamoat nazoratini olib borish huquqi mustahkamlangan. Ushbu norma fuqarolik jamiyati prinsiplariga to‘la mos kelib, amalda uchinchi sektor faoliyati samaradorligining oshishiga hamda fuqarolarimizda daxldorlik tuyg‘usining yuksalishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Farzandining jismonan baquvvat, aqlan yetuk, ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishi har bir ota-onaning hayotdagi oliy maqsadidir. Ayniqsa, tabiatan bolajon o‘zbek xalqi uchun ushbu maqsad hayotiy ahamiyatga ega. Shu bois dilbandlarimizning ongini, qalbini umuminsoniy hamda milliy qadriyatlarga zid g‘oya va qarashlar bilan to‘ldirishga bo‘lgan urinishlar barchamizni hushyor torttirishi zarur.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, o‘z bolamizni o‘zimiz asrashimiz kerak. Bu har birimizning insoniy burchimiz ekanligi bilan bir qatorda, kerak bo‘lsa konstitutsiyaviy majburiyatimiz hamdir. Masalaga ayni shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur qonunning kuchga kirishi barkamol avlod tarbiyasi yo‘lidagi mushtarak maqsadlarimizga puxta huquqiy zamin bo‘ladi.

Zayniddin Nizomxo‘jayev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 
Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.

O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz