O‘zA O`zbek

14.10.2016 17:04 Yangi qonunlarga sharhlar

Poytaxtimizda yangi qonun mazmun-mohiyati haqida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan tadbirda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun va mohiyati haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 16-sentabrda imzolagan “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga solish, balki soha xodimlarining inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgani jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Akademiya rektori M.Aliyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari A.Rahmonov va boshqalar mamlakatimizda davlat tomonidan xalq tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida mustaqilligimizning ilk yillaridan izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bunda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ichki ishlar organlari tizimini shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan farmon va qarorlari alohida ahamiyat kasb etdi.

Huquq-tartibotni saqlash tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan ichki ishlar organlari tizimi yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Soha faoliyatini tartibga solishga oid yangi qonun qabul qilingani bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Qonunda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va prinsiplari qamrab olingan. Ichki ishlar organlarining huquqlari hamda majburiyatlari, vakolatlari aniq belgilangan. Sohada xizmatni o‘tash tartibi va shartlari, ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi kafolatlariga e’tibor qaratilgan. Xalqaro huquq normalariga muvofiq ichki ishlar organlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, himoya qilishi lozim.

Fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash ichki ishlar organlarining asosiy vazifasi ekanligi qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgani soha xodimlarining bu yo‘nalishdagi faoliyati samaradorligini yanada oshiradi.

Norgul Abduraimova, O‘zA