O‘zA O`zbek

30.01.2018 16:35 Yangi qonunlarga sharhlar

Iqtisodiy sudlar faoliyatida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Bu O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida o‘z ifodasini topdi.

O‘zA muxbiri yangi kodeksning mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisining o‘rinbosari Baxtiyor Sayfullayev bilan subhatlashdi.

– Iqtisodiyot, xususan, tadbirkorlik rivojida, shuningdek, sud-huquq sohasida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi, – deydi B.Sayfullayev. – Avval mavjud bo‘lgan xo‘jalik sudlari o‘rnida iqtisodiy sudlar tashkil etildi va uning doirasi kengaytirildi. Ya’ni mamlakatning iqtisodiy salohiyati va tadbirkorlik subyektlari soni ortib borishini hisobga olgan holda tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi.

Bu o‘zgarishlar Iqtisodiy protsessual kodeksni qabul qilishni zaruriyatga aylantirdi. 2018-yil 25-yanvar kuni matbuotda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun bilan yangi kodeks tasdiqlandi. Kodeks 2018 yil 1 apreldan kuchga kiradi.

Kodeks 5 bo‘lim, 37 bob va 347 moddadan iborat.

Kodeks bilan iqtisodiy sudlarda ishlarni yuritish tartibi takomillashtirildi. Eng e’tiborlisi, sohaga oid qonunchilik va amaliyotdagi ayrim kamchiliklar bartaraf etildi. Asosiysi, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilish mexanizmlari takomillashdi. Bu esa tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

– Sud majlislarini audio va videoda qayd etishdan maqsad nima?

– Kodeksda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada kengroq foydalanishga oid norma belgilandi. Endilikda sud majlislarini audio va videoda qayd etish yanada kengaytiriladi. Bunday zamonaviy uslubning keng joriy etilishi sud majlislari to‘liq qonun talablari asosida o‘tishini ta’minlaydi.

Sud majlisi yozilgan audio yoki videoyozuv bilan unda qatnashgan shaxslarni tanishtirish imkoniyati berilmoqda.

Yuqori sudlar tomonidan quyi sudlarda olib borilayotgan ishlar, sud majlislarining qonunga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazishda ham bu amaliyot qo‘l keladi. Ish bo‘yicha yuqori instansiya sudiga shikoyat tushganda quyi sudda ko‘rilgan ishga oid jarayonni to‘liq qayta ko‘rib chiqish, xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, buni hech qanday moneliksiz aniqlash imkoniyati yuzaga keladi.

– Viloyat iqtisodiy sudi ko‘rishi kerak bo‘lgan ishlar doirasi, sudlovlilikning umumiy qoidalari bilan bog‘liq o‘zgarishlar nima sababdan joriy etilmoqda?

– Nizolarni hal etishda sudlar darajasiga qarab ish ko‘rish ularga tushadigan yuklamalar me’yorlashishiga, ishlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishiga xizmat qiladi.

Yuqorida qayd etilganidek, hozirgi kunda tuman va shahar iqtisodiy sudlari ham faoliyat yuritmoqda. Viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlarda ish tajribasi yuqoriroq bo‘lgan sudyalar faoliyat yuritadi. Shuning uchun ham murakkab toifadagi ishlarni hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida ayrim nizolarni hal etish viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlar sudloviga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Nizolarning tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida sudlovlilikning umumiy qoidalari o‘zgartirildi. Ya’ni yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan da’vo arizalari sudga ularning ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha beriladi.

Ma’lumki, yuridik shaxslar ro‘yxatdan o‘tmagan joyida ham, jumladan, turli joylarda faoliyat yuritishi mumkin. Hozirgi kunda ishlar yuridik shaxs joylashgan joyda ko‘riladi. Aytib o‘tilganidek, ular turli joylarda faoliyat yuritadigan bo‘lsa, ishni ko‘rishda qator qiyinchiliklar tug‘ilishi mumkin. Bu borada aniqlik kiritilgani, ya’ni korxona yoki tashkilotga oid da’vo arizasi ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi sudga taqdim etilishi sud uchun shu subyektdan turli hujjatlarni olish, sud ishi bilan bog‘liq boshqa jarayonlarni olib borishda qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, bu sud hujjatini ijro etish jarayonini ham birmuncha yengillashtiradi.

– Odil sudlovni amalga oshirishga mutaxassis jalb etilishi qanday samara beradi?

– Ma’lumki, sud ish yurituviga turli sohalarga oid ishlar kelib tushadi. Har sohaning, xususan, sudda ko‘rib chiqilayotgan har bir ishning o‘ziga xos tomonlari bo‘ladi. Ularga aniqlik kiritish maqsadida ayrim hollarda ekspertiza xulosasi talab qilinadi. Bu esa vaqt, mablag‘ talab etadigan jarayondir. Ayrim nizolarni hal qilishda esa mutaxassisning maslahati (tushuntirishi) yetarli hisoblanadi.

Shuning uchun bu borada qulaylik yaratish, sud ishining belgilangan muddatda ko‘rib chiqilishini ta’minlash uchun iqtisodiy sud ish yurituvining ishtirokchilari ro‘yxatiga mutaxassis kiritiladigan bo‘ldi. O‘z sohasini yaxshi bilan mutaxassisdan ishga aloqador masalalarda ma’lumot olishning o‘ziyoq masalaga oydinlik kiritadi. Shuning uchun ham bu mutaxassis odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi shaxs sifatida sudda qatnashadi.

– Apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining ish yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilish tartibi nima uchun joriy etilmoqda?

– Bunda mazkur instansiyalarning hal qiluv qarorini bekor qilish va birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborish bo‘yicha vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Aynan shu jarayondagi ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berish maqsadida uzil-kesil qaror qabul qilishga oid yangi me’yor belgilandi.

Buning mohiyati shundan iboratki, endilikda apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari kelib tushgan ishni avvalgidek quyi sudlarga qaytarmaydi. Ishni o‘zi ko‘rib chiqib, uzil-kesil nuqta qo‘yadi. Bunda faqatgina bitta istisno mavjud bo‘lib, u ham agar birinchi instansiya sudi ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilgan bo‘lsa, ushbu sud hujjati bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilishi mumkin.

– Nazorat instansiyasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalsangiz.

– Mazkur instansiyada ish yuritishni belgilovchi normalar tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda nazorat instansiyasida ishlar nafaqat Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protesti, balki nazorat shikoyati asosida ham ko‘rib chiqiladi.

Bu sud ish yurituvi ishtirokchilarining yuqori instansiyaga murojaat qilish huquqini kengaytirib, odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.

– Kodeksda yana qanday o‘ziga xos jihatlar bor?

– Kodeksda shartnomaviy (ixtiyoriy) vakillarning ro‘yxati keltirildi. Sudda vakil sifatida ishlarni yuritish bo‘yicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shug‘ullanishi mumkin. Bu jamiyatda advokatlarning o‘rni va roli oshishiga ham zamin yaratadi.

Kommunal to‘lovlar yuzasidan qarzdorlikni undirish bo‘yicha ham o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida talablar bildirilganida sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaga qanday hujjatlar ilova qilinishi zarurligi belgilandi. Bu qarzdorlik asossiz va noto‘g‘ri hisoblanishining oldini oladi va, o‘z navbatida, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashadi.

Nizolarni taraflarni o‘zaro kelishtirish asosida hal qilishga bag‘ishlangan kelishuv bitimiga oid yangi bob Kodeksdan o‘rin oldi. Nizolarning samarali hal qilinishini ta’minlash, taraflar o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishga qaratilgan bunday me’yor avval qonunchilikda keng aks ettirilmagan edi. Endilikda kelishuv tushunchasi, uni qanday hollarda tuzish mumkinligi bitta bobga qamrab olinib, kengroq tushuntirib berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Iqtisodiy protsessual kodeksning qabul qilinishi mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarini qonun darajasida mustahkamladi. Bu, albatta, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlari sud orqali ishonchli himoya qilinishini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi