Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.08.2017 16:24 Yangi qonunlarga sharhlar

Huquqiy axborotlar vaqtida yetib boradi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan jamiyatimiz hayotida muhim o‘rin tutuvchi qator qonunlar ma’qullandi.

«Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun shulardan biri bo‘lib, u aholining huquqiy axborotlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. Qonun asosida yaratilayotgan mexanizm jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatimizda fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishining qulay tizimini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi yaratilgan. Mazkur baza ayni paytda 30 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatni o‘z ichiga qamragan.

Joriy yil fevral oyida Prezidentimizning «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashgirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan tamomila yangi bosqichga olib chiqdi.

Mazkur qaror hamda Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament muhokamasiga kiritilgan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilinib Senatga taqdim etilgan mazkur qonun yalpi majlisda senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mazkur qonun 4 bob, 28 moddadan iborat bo‘lib, maqsadi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.

Qonunda huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashning asosiy prinsiplari, undan foydalanish kafolatlari mustahkamlangan. Undan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralarining hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi vakolatlari o‘rin olgan. Ta’lim muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning ushbu jarayondagi ishtiroki kabi masalalar qamrab olingan.

Qonunda yangi tushunchalar mavjud. Jumladan, huquqiy axborot, huquqiy axborotdan foydalanish, huquqiy axborotni tarqatish tushunchalarining mazmuni bayon etilgan.

Qonunga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, ularga oid rasmiy sharhlar, normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirishlar, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarorlari, Oliy sud plenumining qonun hujjatlari qo‘llanilishi masalalari bo‘yicha qarorlari matnlari, shuningdek, sud amaliyotini umumlashtirish materiallari huquqiy axborot hisoblanadi.

Oshkoralik, ochiqlik, huquqiy axborotni izlash va olish erkinligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashning asosiy prinsiplari sifatida belgilangan.

Huquqiy axborotdan foydalanish davlat tomonidan kafolatlanadi. Fuqarolarning huquqiy axborotni moneliksiz izlash, olish va uni tarqatish xuquqi kafolatlari kuchaytirilgan.

Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatini belgilangan tartibda ta’minlashi shart.

Huquqiy axborotni tarqatish usullari ham qonundan o‘rin olgan. Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini yuborish, ularni rasmiy e’lon qilish, norasmiy e’lon qilish, huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarga ularning so‘rovlariga ko‘ra huquqiy axborot taqdim etish shular jumlasidandir.

Jismoniy va yuridik shaxslarga ularning so‘rovlariga ko‘ra huquqiy axborot taqdim etish mexanizmlari belgilangan. Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning so‘roviga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ular faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibini tushuntirish bilan bog‘liq normalar nazarda tutilgan. Davlat organlarida normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritishning majburiyligi belgilangan.

Qonunda normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinganda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish tartibi hamda ushbu qonunni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, yangi qonunning kuchga kirishi va hayotga tatbiq etilishi huquqiy axborotni olish va undan foydalanish borasida aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, inson huquqlarini to‘laqonli ta’minlashga, pirovardida xalqning davlat organlaridan rozi bo‘lishiga ko‘maklashadi. O‘z navbatida, davlat organlarining ham aholini huquqiy axborot bilan ta’minlash bo‘yicha mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi.

Tolibjon Madumarov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
Qonunchilik va sud-huquq masalalari
qo‘mitasi raisining o‘rinbosari.

O‘zA






Все о погоде - Pogoda.uz