Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.10.2016 16:45 Yangi qonunlarga sharhlar

Hayvonot dunyosidan foydalanishning yangi huquqiy mexanizmlari

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida atrof-muhitni muhofazalash, tabiatga ishlab chiqarish va inson faoliyatidan yetadigan zararli ta’sirlarning oldini olish, ekologik sof rivojlanish texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan izchil chora-tadbirlar jamiyatimizni barqaror rivojlantirishning muhim omili bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 19-sentabrda imzolagan yangi tahrirdagi "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonun bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Jumanazar Otajonov bilan O‘zA muxbirining suhbati ushbu qonunning mazmun-mohiyati, mintaqamizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, xususan, hayvonot olamini muhofaza qilishdagi ahamiyati, qonunchilikka kiritilgan yangiliklarga bag‘ishlandi.

– Mamlakatimizda yetti yuz turdan ko‘proq umurtqali hayvonlar, ya’ni sut emizuvchi, sudralib yuruvchi jonzotlar, baliqlar, amfibiyalar va o‘n besh ming turdan ortiq umurtqasiz hayvonlar uchraydi, – deydi J.Otajonov. – Bu yurtimiz hayvonot dunyosi naqadar boy va xilma-xil ekanligidan dalolat beradi. Ushbu noyob tabiiy boyliklarimizni asrab-avaylash maqsadida keng qamrovli majmuaviy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 1997-yilda qabul qilingan «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu qonun asosida 30 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilindi. Ushbu sohada xalqaro hujjatlarga integrallashish maqsadida hukumatimiz tomonidan bir qator muhim xalqaro ekologik hujjatlar imzolandi.

Mamlakatimizda ekologik qonunchiligimizda belgilangan chora-tadbirlar va xalqaro konvensiyalar orqali zimmamizga olingan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida davlat dasturlari qabul qilindi, xalqaro loyihalar ishlab chiqildi. Ushbu dastur va loyihalarda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida ijro etilishi bioxilmaxillikni asrashga xizmat qilmoqda.

Hayvonot dunyosining yashash makonlari – muhofaza etiladigan hududlar maydoni kengaymoqda. Kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlarini muhofazalash, ko‘paytirishga erishilmoqda. Buxoro bug‘usi, jayron, sayg‘oq, qor qoploni kabi jonivorlarni asrash va ko‘paytirish bo‘yicha bajarilayotgan loyihalar bunga misoldir.

2016-yil 19-sentabrdan kuchga kirgan yangi tahrirdagi "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi qonun bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim huquqiy omil bo‘ladi.

Ushbu yangi tahrirdagi qonun 6 bob, 53 moddadan iborat. Unda qonun normalarini qo‘llashda foydalaniladigan asosiy tushunchalar, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar va ularning vakolatlari belgilab berilgan. Hayvonot dunyosini muhofaza qilishning yo‘nalishlari hamda kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlarini saqlab qolish bo‘yicha asosiy talablar, yovvoyi hayvonlarni, ularning yashash muhiti, ko‘chib o‘tish yo‘llari va urchish joylarini saqlab qolishga yo‘naltirilgan biotexnik tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, hayvonot dunyosidan foydalanish tartibi, turlari va usullari belgilab berilgan.

– Hayvonot dunyosini muhofazalashda ekologik nazorat yuritish shakllari, bu borada qonunchiligimizga kiritilgan yangiliklar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.


– Qonunda hayvonot dunyosi monitoringini yuritish va ushbu sohada ekologik nazorat amalga oshirilishi tartib-tamoyillari, uning subyektlari aniq belgilab berilgan. Xususan, qonunning 22-moddasiga muvofiq, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi nazorat davlat, idoraviy, ishlab chiqarish hamda jamoatchilik nazorati tarzida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bu sohadagi davlat nazorati davlat o‘rmon fondi yerlarida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan, davlat boshqaruvi organlariga qarashli tashkilotlarda, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda idoraviy nazorat xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan, jamoatchilik nazorati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Aytish joizki, atrof-muhit muhofazasi sohasida jamoat nazoratini yuritish yangi yo‘nalish bo‘lib, bu boradagi ishlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning yurtimizda atrof-muhit muhofazasi borasida olib borilayotgan ezgu ishlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, ekologiyaga oid tadbirlarda aholining faolligini oshirish va tabiatdan oqilona foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Kamyob va yo‘qolish xavfi ostida turgan hayvon turlarini asrab qolish jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan muhim ekologik muammolardan biridir. Yangi qonun bu boradagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishda qanday o‘rin tutadi?

– Yangi tahrirdagi qonunning 17-, 18-, 19-moddalarida kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini muhofazalash bilan bog‘liq vazifalar aks etgan. Xususan, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlari O‘zbekiston Respublikasi "Qizil kitob"iga kiritilishi, ushbu hayvon turlarining nobud bo‘lishiga, ularning kamayib ketishiga yoki yashash muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarga yoki harakatsizlikka yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tabiiy sharoitlarda tiklash hamda takror ko‘paytirish imkoniyati bo‘lmagan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlarini saqlab qolish maqsadida ularning ko‘payishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi shartligi ko‘rsatilgan.

Qonun hujjatlariga muvofiq, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlarinialohida zarur bo‘lgan hollarda tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi. Maxsus yaratilgan sharoitlarda ko‘paytirish uchun tabiatdan olingan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlari keyinchalik tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, ekologik qonunbuzarliklarning qirq foizga yaqinini hayvonot dunyosidan noqonuniy foydalanish, yovvoyi hayvonlarni, qushlar, baliqlarni noqonuniy ovlash tashkil etar ekan. Yangi tahrirdagi qonunda mazkur yo‘nalishdagi ishlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq qanday normalar belgilangan?


– Qonunning 49-moddasida g‘ayriqonuniy ravishda tutilgan yovvoyi hayvonlarni, ularning yashash faoliyati mahsulotlarini, ov quroli va vositalarini olib qo‘yish belgilangan. Buning imkoni bo‘lmagan taqdirda, ularning qiymati qonun hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda undirilishi qayd etilgan.

Ana shunday qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida qonunda hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish turlari va usullari aniq belgilangan. Yangi tahrirdagi qonunda, avvalgisidan farqli o‘laroq, ov qilish va baliq ovlash hisoblanadigan holatlar bilan bir qatorda ov qilish hamda baliq ovlashga tenglashtirilgan holatlar, shuningdek, ov qilishni va baliq ovlashni amalga oshirish shartlari, ov qilish va baliq ovlash joylari belgilangan.

Endilikda ov qilish uchun hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun berilgan ruxsatnomalarda ko‘rsatilgan muddatlarda va joylarda yo‘l qo‘yilishi, jismoniy shaxslarga sport va havaskorlik maqsadida ov qilish uchun ruxsatnoma ovchilik bileti, ovchilik qurolini saqlash va olib yurish uchun ruxsatnoma bo‘lgan taqdirdagina berilishi ko‘rsatilgan.

Ma’lumki, tabiatning barcha ne’matlari kabi jonivorlarning hamma turlari ham umummilliy tabiiy boyligimizdir, ularni noqonuniy ravishda yurtimizdan chetga olib chiqish mumkin emas. Hayvonlarni xorijdan mamlakatimizga olib kirishning ham o‘z tartib-tamoyillari bor. Yangi tahrirdagi qonunning 20-moddasiga ko‘ra, yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlari, yashash faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, o‘ljalar va tulumlarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish va olib kirish tabiatni muhofaza qilish davlat organlari beradigan ruxsatnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunday faoliyat g‘ayriqonuniy ravishda amalga oshirilsa, ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar va ularning qismlari, zoologiya kolleksiyalari va boshqa vositalar olib qo‘yilishi lozim.

Ekologik qonunchilik sohasidagi milliy va xalqaro tajriba atroflicha tahlil etilib yaratilgan yangi tahrirdagi qonun ona tabiatni asrash, kelajak avlodlarga uni asl holicha yetkazishda muhim huquqiy asos bo‘ladi. Qonunning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, unda belgilangan tamoyillarni aholiga yetkazish, tabiatni muhofazalash vazifasini har bir yurtdoshimizning ezgu maqsadiga aylantirish orqali yurtimizda ekologiya sohasida erishilgan yutuqlarni yanada rivojlantirish asosiy vazifamizdir.

Bahor Xidirova, O‘zA