O‘zA O`zbek

14.10.2016 15:12 Yangi qonunlarga sharhlar

Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari sifatida mustahkamlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 16-sentabrda imzolagan O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni soha faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Ichki ishlar organlariga oid qonun qabul qilinishida o‘ziga xos ma’no mujassam. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida mazkur organlar va ularda xizmat qilayotgan xodimlarning faoliyati davlat va jamiyat oldida o‘ta muhim ahamiyat kasb etishi, mazkur soha xodimlari faoliyati fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash, tinchlik, osoyishtalik bilan bevosita bog‘liq ekanligini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.

Bu haqda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda “mazkur organlarning, birinchi navbatda, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasidagi maqomi, faoliyat shakli va usullarini aniqlashtirish hamda ularga tuzatishlar kiritish zarur”, deb alohida ta’kidlagan edi.

Rivojlangan davlatlar tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, ularda ham aynan ichki ishlarga oid munosabatlar maxsus qonun bilan tartibga solingan. Qayd etish joizki, mazkur qonun qabul qilingunga qadar ichki ishlar organlari faoliyatining u yoki bu jihatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinib kelinayotgan edi. 1999-yilda qabul qilingan «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi, 2000-yilda qabul qilingan «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi, 2009-yilda qabul qilingan «Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi, 2012-yilda qabul qilingan «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi, 2014-yilda qabul qilingan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.

Mazkur sohada alohida qonun bo‘lishi bir qator imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, qonun qabul qilingunga qadar 90 dan ortiq turli qonun hujjatlarida aks etgan ichki ishlar organlariga oid normalarni tizimlashtirish imkoniyati yaratildi. Bu undan foydalanuvchilar uchun katta qulaylikdir. Qonunning qabul qilinishi uning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish imkonini yaratgani mazkur hujjatning ijtimoiy hayotdagi roli va ta’sirini kuchaytiradi.

Yangi qonunning qabul qilinishi xalqaro standartlar nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, Yevropa Kengashining demokratiyaga huquq orqali Komissiyasi (Venetsiya Komissiyasi)ning “Huquq ustuvorligiga rioya qilinishini baholash uchun nazorat savollari ro‘yxati”da davlatning harakatlari qonunga muvofiq amalga oshirilishi, davlat organlarining vakolatlari qonun bilan belgilab qo‘yilishi kabi mezonlar mavjud.

Qonun 8 bob, 49 moddadan iborat bo‘lib, ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va prinsiplarini qamrab olgan. Unda ichki ishlar organlari tizimi, mazkur organlarning majburiyatlari va huquqlari, ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi va shartlari, ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kabi masalalar tartibga solingan.

Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari sifatida birinchi bo‘lib fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mustahkamlangani qonunning eng muhim jihatidir. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish – ichki ishlar organlari faoliyatining 16 asosiy yo‘nalishi ichida birinchi bo‘lib qayd etilgan. Shuning uchun ham mazkur qonunning 27-moddasiga asosan ichki ishlar organi xodimi qasamyod matnida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish alohida belgilangan.

Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish belgilangan. Mazkur prinsipga ko‘ra, ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklovchi faoliyati, agar qonuniy maqsadga erishilgan bo‘lsa yoki ushbu maqsadga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash orqali erishib bo‘lmasligi yoki erishilmasligi kerakligi aniqlansa, darhol to‘xtatiladi. Qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish ichki ishlar organi xodimiga taqiqlanadi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan og‘riq, jismoniy yoki ma’naviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qo‘yishi shart.

Qonunda ichki ishlar organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga katta e’tibor qaratilib, alohida qonuniylik prinsipi kiritilgan. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ichki ishlar organlarining xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘idagi o‘zining qonunga xilof xatti-harakatlarini (harakatsizligini) oqlash uchun xizmat manfaatlarini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni, yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari, buyruqlari va farmoyishlarini yoki qonunga muvofiq bo‘lmagan boshqa biror-bir holatni ro‘kach qilishi mumkin emas. Ichki ishlar organlarining xodimlariga kimnidir g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etishga bevosita yoki bilvosita qiziqtirish, ko‘ndirish, undash taqiqlanadi.

Mazkur qonun ichki ishlar organi va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni ham tartibga soladi. Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi lozim. Fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishining sababi va maqsadini ma’lum qilishi kerak. Fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilgan taqdirda, bunday choralar qo‘llanilishining sababini hamda asoslarini, shuningdek, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

Ichki ishlar organi xodimiga fuqaro murojaat etgan taqdirda u o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi talab etiladi. U fuqaroni diqqat bilan eshitishi, o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘rishi yoxud qo‘yilgan masalani hal etish kimning vakolatiga kirishini tushuntirishi shart.

Har qanday qonunning asosiy mazmunini tomonlarning huquq va majburiyatlari tashkil etadi. Shu ma’noda qonunning eng muhim jihatlaridan yana biri – bu ichki ishlar organlarining 51 majburiyati va 43 huquqi alohida 3-bobda qayd etilganidir. Soha xodimlarining majburiyatlaridan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, yuridik va jismoniy shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida barcha zarur choralarni ko‘rish o‘rin olgan. Ular jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar to‘g‘risidagi arizalarni, xabarlarni va boshqa axborotni, shu jumladan, elektron shakldagi shunday arizalarni, xabarlarni va boshqa axborotni qabul qilishi hamda ro‘yxatga olishi kerak. Bu haqda murojaat etuvchiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabar bergan holda o‘z vaqtida choralar ko‘radi. Jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyga, hodisa joyiga darhol yetib keladi. G‘ayriqonuniy qilmishlarga chek qo‘yish, fuqarolarning xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish kabilar ham shular jumlasidan.

Ichki ishlar organlarining huquqlari sirasiga fuqarolardan qonun hujjatlariga rioya etishni, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilish kiradi. O‘z xizmat majburiyatlarini amalga oshirish chog‘ida fuqarolarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini tekshiradi. Fuqarolarni ularning roziligi bilan hamkorlikka jalb etadi. Jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlariga yordam bergan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan fuqarolarni taqdirlash, tashkilotlar va fuqarolardan ichki ishlar organlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborotni bepul olish, aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya markazlariga olib borish huquqiga ega.

Pasport rejimi qoidalariga, shuningdek, bajarilishi ustidan nazorat qilish ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan boshqa qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish amalga oshirilayotganda fuqarolarning turar joylariga va boshqa binolariga ularning roziligi bilan soat 6.00 dan soat 22.00 gacha kirishi mumkin. Jamoat joylarida alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’sirida mastlik holatida bo‘lgan va mustaqil ravishda harakatlanish yoki adashmay yo‘l topish qobiliyatini yo‘qotgan fuqarolarni reabilitatsiya va tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib borishi mumkin.

Qonunning 4-bobida ichki ishlar organlari tomonidan ayrim majburlov choralarining qo‘llanilishiga oid qoidalar belgilangan. Xususan, mazkur bobdagi 18-moddada ichki ishlar organlari tomonidan shaxslarni ushlab turish asoslari va tartibi qayd qilinib, unda xususan, ushlab turilgan shaxsga telefon orqali so‘zlashish yoki advokatiga yoxud yaqin qarindoshiga o‘zining ushlab turilganligi va turgan joyi haqida xabar berish, ushlab turilgan paytidan e’tiboran himoyachiga (advokatga) ega bo‘lish huquqi, shuningdek, qonunga muvofiq boshqa huquqlar berilishi mustahkamlangan.

Qonunning 5-bobi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni qo‘llash tartibini belgilab beradi.

6-bobda ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi va shartlari mustahkamlangan. Unga ko‘ra, yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, tegishli ma’lumotga ega bo‘lgan, o‘zining shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ichki ishlar organi xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ichki ishlar organlaridagi xizmatga ixtiyoriy tartibda, tanlov asosida qabul qilinadi.

Qonunga ko‘ra, ichki ishlar organi xodimi egallagan lavozimi, turgan joyi va vaqtidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida boshlig‘ining (komandirining) buyrug‘iga binoan istalgan vaqtda xizmat majburiyatlarini bajarishga kirishishi hamda jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilgan joyda yoki hodisalar joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek, nochor ahvolda qolgan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam yoki boshqa xil yordam ko‘rsatilishini tashkil etadi. Odamlarni qutqarish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish, ularni sodir etgan shaxslarni ushlash, hodisa joyini qo‘riqlash hamda unga fuqarolar o‘zlarining shaxsiy xavfsizligiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi voqealar to‘g‘risidagi xabarlar bilan murojaat qilgan yoxud bevosita o‘zi shunday voqealarga duch kelgan taqdirda eng yaqindagi ichki ishlar organlari bo‘linmasiga xabar berish choralarini ko‘rishi shart.

Qonunning 7-bobi ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, ichki ishlar organi xodimi davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi. Qonun bilan vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim ichki ishlar organi xodimining qonuniy faoliyatiga aralashish, ichki ishlar organi xodimini qonun bilan ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas.

Qonunga zidligi aniq bo‘lgan buyruq yoki farmoyish olganda ichki ishlar organi xodimi uni bajarishni rad etish huquqiga ega va qonunga amal qilishi shart. Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish sog‘lig‘ini saqlash, mehnatiga haq to‘lash, uy-joy maydoni bilan ta’minlash, mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish, davlat pensiya ta’minoti, davlat sug‘urtasi, ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabilar orqali ta’minlanadi. Qonun hujjatlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga ularni ichki ishlar organlaridagi xizmatga qabul qilishda va O‘zbekiston Respublikasining oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda afzalliklar berilishi mumkin.

8-bobda ichki ishlar organlarining moliyalashtirilishi va moddiy-texnika ta’minoti, xalqaro hamkorlik, ichki ishlar organlari xodimlarining javobgarligi kabi normalar aks etgan. Masalan, birgina javobgarlikka oid normani oladigan bo‘lsak, unga ko‘ra ichki ishlar organi xodimi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek, xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi. Ichki ishlar organi xodimining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni ichki ishlar organlari tomonidan byudjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi. Qaysi jismoniy yoki yuridik shaxs o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga ichki ishlar organi xodimining harakatlari yoki harakatsizligi sabab bo‘ldi, deb hisoblasa, o‘sha jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu harakatlar yoki harakatsizlik ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, prokurorga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.

Qonun matbuotda rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid muhim huquqiy asos, balki fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish samaradorligi oshishiga keng yo‘l ochadi. Jamiyatda qonun ustuvorligi, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasida yangi bosqichni boshlab beradi.


Miravzal Mirakulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti 
bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi.

O‘zA