Jizzaxda eng bilimdon yosh iste’molchilar aniqlandi
Jizzaxda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Eng iqtidorli yosh iste’molchi – 2017” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Jizzaxda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Eng iqtidorli yosh iste’molchi – 2017” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasi, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida bozorni odamlar hayoti, salomatligiga xavf tug‘diruvchi mahsulotlar sotilishidan himoya qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 9 o‘quvchi ishtirok etdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunini qay darajada bilishi va uni amalda qo‘llay olish ko‘nikmasini namoyish etdi, iste’molchi huquqlari bo‘yicha test, sotuvchi-iste’molchi munosabatlarida ko‘p uchraydigan masalalar yechimi bo‘yicha sinovdan o‘tdi.
Barcha shartlar bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan Jizzax huquqshunoslik kolleji o‘quvchisi Adolat Mamanazarova birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Jizzax sanoat va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Muhabbat Abdimurodova, Zomin tibbiyot kolleji o‘quvchisi Shohista Tog‘ayeva sazovor bo‘ldi.