Yosh huquqshunoslar bandligi ta’minlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Toshkent yuridik kollejida bitiruvchilarni yuridik xizmatlar faoliyatiga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Toshkent yuridik kollejida bitiruvchilarni yuridik xizmatlar faoliyatiga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.Toshkent yuridik kolleji direktori N.Temirova, Adliya vazirligi yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtish va metodik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Sh.Saidov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-martdagi "Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishlab chiqarish amaliyotiga faol jalb etish, egallagan kasbi bo‘yicha ishga joylashtirishga ko‘maklashish vazifasi belgilab berilgan.
Ayni paytda Nukus, Samarqand, Jizzax, Namangan, Farg‘ona va Toshkent shahridagi huquqshunoslik yo‘nalishiga ixtisoslashgan kollejlar hamda Buxoro yuridik va maishiy xizmat kasb-hunar kollejida yosh huquqshunos kadrlar tayyorlanmoqda. Adliya vazirligi tomonidan bitiruvchilarni egallagan kasbi bo‘yicha ishga joylashtirishga ko‘maklashish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 2015-2016 o‘quv yilida huquqshunoslikka ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlarini bitirgan 3551 o‘quvchidan 3454 nafarining bandligi ta’minlangan.
Hozirgacha joriy yilda huquqshunoslikka ixtisoslashgan kollej bitiruvchilarining 2628 nafari bilan tuman, shahar xokimliklari – korxona – bitiruvchi – kollej o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnomalar imzolangan.
Bugungi tadbir ham bu yo‘nalishdagi amaliy sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir. Unda tegishli vazirlik va boshqarmalar rahbarlari, yetakchi mutaxassislari tomonidan davlatimiz rahbarining joriy yil 19-yanvardagi "Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining mazmun-mohiyati, soha mutaxassislari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, "Yagona darcha" markazlari faoliyati va bu boradagi so‘nggi yangiliklar, adliya organlari va muassasalariga ishga qabul qilish tartibi, yosh huquqshunos mutaxassisga qo‘yiladigan talablar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
– Ta’lim va amaliyot uyg‘unligi zamonaviy bilim va ishlab chiqarish ko‘nikmasiga ega yosh mutaxassislarni tayyorlashda ahamiyatga ega, – deydi Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi Dilnoza Muhiddinova. – Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda soha mutaxassislari, keksa huquqshunoslar bergan o‘gitlar, yo‘l-yo‘riqlar bizda katta taassurot qoldirdi.