Yetti mingdan ziyod umumta’lim maktabida o‘qish jarayoni ikki smenada olib borilmoqda
Bu haqda Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.
Bu haqda Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Qayd etilishicha, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi 9 ming 691 ta umumta’lim maktabining 1 ming 691 tasi, ya’ni 17,4 foizi 1,5 koeffitsentdan, 559 tasi esa 2 koeffitsientdan ziyod ekanligi aniqlangan. Bundan tashqari, 2 ming 81 ta umumta’lim maktabida o‘qish jarayoni I smena, 7 ming 610 tasida esa II smenada olib borilayotir.
Shu bois, Xalq ta’limi vazirligining so‘roviga asosan viloyat hokimliklari tomonidan 2019/2020 o‘quv yilida o‘quvchilar sonini maktab binolarining loyiha sig‘imiga nisbatan maqbullashtiriladigan 320 ta umumta’lim maktabi, shundan 50 ta tarmoq maktabi tashkil etish, 207 ta maktabda esa Investitsiya dasturi doirasida qo‘shimcha bino qurish va rekonstruksiya qilish, 63 ta faoliyati tugatilayotgan kasb-hunar kolleji binolaridan foydalanish taklifi berilgan.
Bu borada davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilayotganiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, mavjud ob’ektlarni aniqlash maqsadida tizimdagi muassasalar xatlovdan o‘tkazilib, ularning 135 tasidan foydalanilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu ro‘yxat hududlar va muassasalar kesimida ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tanlov e’lonlarini joylashtirish uchun alohida onlayn platforma (www.ppp.uzedu.uz) ishga tushirilgan.