Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 15:13 Chop etish versiyasi

Yangi o‘quv yiliga taraddud

Yangi o‘quv yiliga taraddud Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘quvchilarni zarur darsliklar, o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan maktab bozorlari har qachongidan gavjum.

2017/2018 o‘quv yili uchun tayyorgarlik jarayonida tashkil etilgan maktab bozorlarida 26 turdagi o‘quv anjomlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

– Jami 64 umumta’lim maktabida ana shunday yarmarkalar ish boshladi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi Botir Xo‘jamuratov. – Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar ota-onalarga har tomonlama manzur bo‘lmoqda. Yarmarkalarga qirqqa yaqin savdo tashkiloti biriktirilgan.

Bunday yarmarkalar barcha tuman markazlaridagi dehqon bozorlari hududida ham tashkil etilib, ota-onalarga xarid uchun zarur barcha sharoit yaratilmoqda. Nukus shahridagi “Dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida ochilgan maktab yarmarkasiga 30 savdo korxonasi va tadbirkor jalb qilinib, bu yerda barcha turdagi o‘quv qurollari, o‘quvchilar formasi, sport kiyimlari, sumka va portfellar mavjud. Savdo nuqtalarining terminal, nazorat-kassa apparati bilan ta’minlangani xaridorlarga yanada qulaylik tug‘dirmoqda.

– Farzandlarim Nukus shahridagi 17-umumta’lim maktabida o‘qiydi, – deydi Injayim Najmatdinova. – Yarmarkadan ular uchun zarur bo‘ladigan barcha o‘quv qurollari va kiyimlarni xarid qildik. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan bu mahsulotlarning sifati ham, narxi ham bizga juda ma’qul. O‘quvchi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini shu yerdan olish mumkin.

Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 704 umumta’lim maktabida tahsil oladigan 269 ming 620 o‘quvchining yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoit yaratildi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
1 480






Все о погоде - Pogoda.uz