Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 21:32 Chop etish versiyasi

Yangi o‘quv yiliga puxta taraddud

Yangi o‘quv yiliga puxta taraddud Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarida ham yangi o‘quv yiliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar sohadagi ba’zi muammolarni amaliy hal etib, o‘qitishni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotir.

Umumta’lim maktablarida 10-11-sinflar qayta tashkil etilayotgani, ayniqsa, ota-onalar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

– Shahar va tumanlarda tuzilgan ishchi guruhlar a’zolari tomonidan joylarda ota-onalar, o‘quvchilar va keng jamoatchilikning 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab 9-sinf bitiruvchilari umumta’lim maktablarining 10-sinfida, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni davom ettirishiga oid fikrlari o‘rganildi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nodir Ahmedov. – Umumta’lim maktablarining 46 ming 69 nafar 9-sinf bitiruvchisidan 31 ming 875 nafari 10-sinfda yoki akademik litsey va kasb-hunar kollejida o‘qishni davom ettirish istagini bildirgan. Ana shu xohish-istaklardan kelib chiqib, barcha umumta’lim maktablarida 10-sinf ochilmoqda.

Joriy yilda shahar va tumanlarda 26 umumta’lim maktabida kapital rekonstruksiya va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yangi o‘quv yili arafasida ota-onalar va o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida 88 umumta’lim maktabi qoshida maktab bozori tashkil etilib, darsliklar, o‘quv qurollari va o‘quvchilar formasi savdosi yo‘lga qo‘yildi.

Oltiariq tumanida 46 umumta’lim maktabi, 35 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 1 ming 900 ga yaqin o‘quvchi 10-sinfda o‘qishni davom ettirish istagida. Shuning uchun umumta’lim maktablarida qo‘shimcha 61 sinf tashkil etilmoqda.

Tumandagi 34-umumta’lim maktabi zamonaviy ta’lim maskanlaridan biri. Yangi o‘quv yili oldidan bu yerda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari yanada puxta bilim olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Zamonaviy sinfxonalar, o‘quv-laboratoriya xonalari, sport zali bolalar ixtiyorida.

– Yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi maktab direktori Dilbar Mamajonova. – Pedagoglarimiz yosh avlodga zamon talablari asosida ta’lim berish uchun ilg‘or pedagogik texnologiyalarni puxta o‘zlashtirmoqda. Ayniqsa, 10-11 sinflar qayta tashkil etilayotgani ota-onalarni xursand qilmoqda.

Tumanda bo‘lib o‘tgan seminarda umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi. Bir qator umumta’lim maktablaridagi ilg‘or tajribalar bilan tanishildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 147






Все о погоде - Pogoda.uz