Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.09.2017 17:21 Chop etish versiyasi

Toshkentda «Temurbeklar maktabi» taqdimoti

Prezidentimizning  2017-yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizdagi barcha harbiy akademik litseylarga «Temurbeklar maktabi» nomi berildi. 23-sentabr kuni Toshkentdagi «Temurbeklar maktabi»ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining farmonida «Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga «Temurbeklar maktabi» nomi berilsin" deb belgilangan. 

Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti T.Mo‘minov va boshqalar o‘quvchilarni Toshkent harbiy-telekommunikatsiya akademik litseyiga «Temurbeklar maktabi» maqomi berilgani bilan qutladi, ularga ushbu buyuk nomga munosib bo‘lishni tiladi. 

«Temurbeklar maktabi» o‘quvchilari safda yurish bo‘yicha tayyorgarligini namoyish qildi, armrestling, avtomatni bo‘laklarga ajratish va yig‘ish, granata uloqtirish, turnikka tortilish, to‘siqlar osha yugurish, qo‘l jangi, arqon tortish, harbiy estafeta musobaqalarida ishtirok etdi. G‘oliblar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Mehmonlar o‘quv, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, axborot-resurs markazi, ushbu o‘quv muassasasi faoliyati xaqida hikoya qiluvchi fotoko‘rgazma, shuningdek, buyuk Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan ko‘plab ko‘rgazmali va didaktik materiallar bilan tanishdi.
 
– Safda o‘g‘limni ko‘rib, beixtiyor ko‘zlarimga yosh keldi, – deydi Dilnoza Jumayeva. – O‘zim iste’fodagi mayorman, ehtimol shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘g‘limga Sardor deb ism qo‘yganman. Mana bugun u Toshkent «Temurbeklar maktabi»ga o‘qishga qabul qilindi. Sardor oilaviy an’anamizni munosib davom ettirishiga ishonaman. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV Bosh boshqarmasi Qorovul qo‘shinlari alohida namunali-ko‘rgazmali orkestri tadbir ishtirokchilarini konsert dasturi bilan xushnud etdi.

Ablay Kamolov, O‘zA
1 950






Все о погоде - Pogoda.uz