Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 16:02 Chop etish versiyasi

Toshkent tibbiyot akademiyasining 586 bitiruvchisi qasamyod qabul qilib, shifokor degan nomga sazovor bo‘ldi

Toshkent tibbiyot akademiyasining 586 bitiruvchisi qasamyod qabul qilib, shifokor degan nomga sazovor bo‘ldi «Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman, o‘zimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sog‘lig‘ini saqlashga bag‘ishlashga, yoshi, dini, e’tiqodi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir bemorga kuch g‘ayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam ko‘rsatishga, bemorning sog‘lig‘ini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qo‘yishga, kamtar va halol bo‘lishga, o‘z bilim va mahoratimni doimo oshirib borishga, shifokor sirini saqlashga, kishilarga hamisha mehr-muruvvat va shifo topishlarida ishonch hadya etishga, Gippokrat, Abu Ali ibn Sino singari ulug‘ tabiblarning shonli an’analarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman».

Bugun Toshkent tibbiyot akademiyasining 586 bitiruvchisi ushbu qasamyodni qabul qilib, shifokor degan nomga sazovor bo‘ldi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining mutasaddilari, Toshkent tibbiyot akademiyasining professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda shifokor xalq ishonchi, mehri va hurmatini faqat fidokorona mehnat, qat’iy intizom, kasbga bo‘lgan yuksak mas’uliyat bilan qozonishi mumkinligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qisqa davrda sog‘liqni saqlash tizimi holati va uning rivojlanish istiqbollari yuzasidan besh marta yig‘ilish o‘tkazilib, sohani kompleks rivojlantirishga qaratilgan o‘ttizga yaqin farmon va qaror e’lon qilindi. Prezidentimizning 2017-yil 5-maydagi «O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tibbiyot sohasidagi oliy ta’lim dargohlarida 2017-2018-o‘quv yilidan davolash ishi, kasbiy ta’lim, harbiy-tibbiyot ishi, pediatriya ishi 6 yil, tibbiy-biologik ish 4 yil va tibbiy profilaktika ishi yo‘nalishlari 5 yil etib belgilandi.

Joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasini bakalavriatning 7-kursi bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyalarini muvaffaqiyatli topshirdi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda bir oy muddatda tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj hududlar bo‘yicha aniqlandi. Ushbu ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot yo‘nalishidagi barcha bitiruvchilar doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida o‘z sohasi bo‘yicha ishga joylashtirildi.

Navoiylik Muqaddas Toshqulova taklif etilayotgan ish joyi bilan yaqindan tanishib, o‘rgandi. U Navoiy shahar 4-oilaviy poliklinikaga umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishga joylashdi.

9.JPG

– Nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyodagi nufuzli oliy ta’lim dargohini bitirib, shifokor degan sharafli, shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli kasbga ega bo‘lganimdan faxrlanaman, – deydi Muqaddas. – Ustozlarimizdan olgan bilimlarimizni amaliyotda qo‘llab, xalqimiz sog‘lig‘ini mustahkamlashga, ularga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga astoydil harakat qilamiz. Biz yosh kadrlarga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, yetuk mutaxassis bo‘lishga va’da beramiz.

Go‘zal Sattorova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
10 495