O‘zA O`zbek

15.03.2019 19:00 Chop etish versiyasi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti grantga sazovor boʻldi

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti grantga sazovor boʻldi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Akademik innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi granti uchun oʻtkazilgan tanlovda gʻolib boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Toshkent axborot texnologiyalari universitetida AQSh magistraturasi taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish” nomli loyihasi grantga sazovor boʻldi. Loyiha Amerika universitetlarida tahsil olayotgan magistrlarning taʼlim texnologiyalarini Toshkent axborot texnologiyalari universitetida joriy etishga qaratilgan.

Loyiha qiymati 140 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Bu mablagʻ hisobidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yangi uskunalar xarid qilinadi, moliyaviy laboratoriya tashkil etiladi, magistrlar uchun multimedia oʻqitish dasturlari va masofaviy taʼlim tizimi joriy etiladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Akademik innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi grantlari uchun tanlov Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Jahon banki negizida mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan loyiha doirasida oʻtkazilmoqda.

Roman Bondarchuk, OʻzA
536