Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 18:41 Chop etish versiyasi

“O‘zekspomarkaz”da birinchi marotaba test sinovlari o‘tkazildi

“O‘zekspomarkaz”da birinchi marotaba test sinovlari o‘tkazildi Erta tongdan poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasi Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qish niyatida ariza topshirgan 6 ming 120 dan ortiq abituriyent, ularning ota-onalari, yaqinlari hamda test jarayonlarining belgilangan talablar doirasida o‘tishini ta’minlashga mas’ul idoralar vakillari bilan gavjum bo‘ldi.

Malakali kadrlar tayyorlash, yoshlar bandligiga alohida e’tibor qaratish, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida muhim vazifa sifatida belgilangan. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-maydagi “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi, joriy yil 28-apreldagi “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda yuridik sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan o‘tgan yillardan farqli o‘laroq joriy yilda test sinovlari “O‘zekspomarkaz”ning har biri 1 mingdan ziyod abituriyentni qamrab oluvchi pavilyonlari va boshqa binolarida o‘tdi. Bu yangicha yondashuvning konsepsiyasi, avvalo, barcha abituriyentlar uchun teng shart-sharoitlarni yaratish, test sinovlarini o‘tkazish jarayoni yuzasidan bir xil nazoratni ta’minlashdan iboratdir.

– Test sinovlarining borishini sifatli tashkil etish uchun nafaqat universitetimiz, balki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari vakillari, 130 dan ortiq prokuratura xodimlari ham jalb qilindi, – deydi universitet qabul komissiyasi raisi o‘rinbosari Mansurxon Kamolov. – Abituriyentlar test sinovlari o‘tadigan pavilyonlar, auditoriyalarga yetib kelgunlariga qadar bir necha bosqichli mukammal nazorat postlaridan o‘tdi. Bunda mas’ul vakillar tomonidan individual tekshiruvlardan tortib, maxsus zamonaviy tekshiruv jihozlari imkoniyatlaridan samarali foydalanildi. Binolarga maxsus videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, test jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri abituriyentlarning ota-onalari, yaqinlari uchun hozirlangan kutish maydonlaridagi uch yirik monitorga hamda internet tarmog‘i orqali keng jamoatchilikka uzluksiz uzatib turildi.

2.JPG

...Erta tong. Abituriyentlar test sinovlarini topshirish uchun birin-ketin dastlabki nazorat postlaridan o‘ta boshladi. Ona baribir ona-da, bolasini qiynalmasin, deydi. U o‘g‘lining fuqarolik pasporti muqovasi orasiga tarix fanidan muhim sanalar va boshqa qisqa ma’lumotlar yozilgan “shpargalka”ni joyladi. Farzandini bundan xabardor ham qildi.

Yigit birinchi “dovondan” yaxshi o‘tdi: hech kim, hech narsani sezmaganday tuyuldi. Lekin u navbatdagi “bosqich”da tavakkal qilishni istamadi. Chunki u binoga yaqinlashgan sari nafaqat tekshiruv kuchayib borar, balki o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarishga chorlovchi shiorlar ketma-ketligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi... U nazoratchilarga pasporti orasidan qog‘ozchani o‘zi olib berdi. Va yengil bo‘lib, yaxshi kayfiyatda imtihonga kirib ketdi.

– Maktabda talaba bo‘lish ishtiyoqi bilan haqiqiy abituriyentlardek tayyorlana boshlaganman, – deydi qumqo‘rg‘onlik abituriyent Musurmon Mamatqulov. – Tumanimizdagi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejini a’lo baholarga tamomlashga harakat qildim. Ko‘pchilik menga test jarayoniga kirishda abituriyentlar o‘zi bilan bir “imkon”ini topib qo‘l telefoni, shpargalkalar, hatto, kitoblar ham olib kirib, foydalanadi, deb aytishgan. Bunday yo‘l tutilsa, abituriyentlar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lmasligini ko‘p o‘ylaganman. Lekin bugun bu yerda hammasi boshqacha ekanini ko‘rib xursand bo‘ldik. Imtihon olinadigan auditoriyalarga yaqinlashishimiz bilan turli ogohlantirish va chorlovlar yozilgan bannerlarni ko‘rib xotirjam bo‘ldik. Chunki bu chorlovlarga amal qilib, imtihonga olib kirish mumkin bo‘lmagan buyumlarni ko‘pchilik o‘zi chiqarib berdi. Dastlab, “Test sinovlari qat’iy nazorat ostida bo‘lib o‘tadi. Istisnolarga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozilgan bannerga ko‘zim tushdi. Bu ogohlantirish pavilyonga yaqinlashgan sari qat’iy, keskin tus oladi. Masalan, “Telefon va boshqa taqiqlangan predmetlar olib kirishga uringanlar test sinovlaridan chetlashtiriladi”, “O‘z bilimingizga ishoning! Tavakkal qilib, noto‘g‘ri yo‘ldan borib, yana bir yil umringizni zoye ketkazmang!”. Eng oxirgi qizil chiziq tortilgan shartli chegarada yonidagi bannerda “Oxirgi ogohlantirish! Bu belgidan o‘tgandan keyin taqiqlangan predmetlarni olib kirgan abituriyentlar hech qanday istisnosiz test sinovlaridan chetlatiladi!” deb yozilgan. Bu ogohlantirish noto‘g‘ri xayol bilan testga kelgan tengdoshlarimni o‘z vaqtida, to‘g‘ri xulosa chiqarishga undadi, deb o‘ylayman.

Barcha pavilyon va auditoriyalar ichimlik suvi, sovutish tizimi, zarur hollarda foydalanish uchun ovoz kuchaytirgichlar bilan ta’minlangani test jarayonining yanada sifatli o‘tishiga xizmat qildi.

– Mana shu katta ekrandan o‘g‘lim Abrorbek test ishlab o‘tirgan xonani kuzatib turdik, – deydi Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan kelgan Xolidaxon Xalilova kutish maydonchasidagi suhbatimizda. – Birovning noo‘rin harakat qilayotganini, telefon yo boshqa biror narsadan foydalanayotganini, kim-kimgadir yordam berayotganini ko‘rmadik. Bundan biz ota-onalar, albatta, juda xursand bo‘ldik. Aytgancha, shu test jarayonlarini internetdan qishloqdagilar – qarindoshlarimiz ham ko‘rishibdi. Imtihonlarni bu usulda o‘tkazishni ommalashtirishsa yaxshi bo‘lar edi.

Ikrom Avvalboyev, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
5 485






Все о погоде - Pogoda.uz