Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 16:22 Chop etish versiyasi

Test sinovlari muvaffaqiyatli o‘tdi

Test sinovlari muvaffaqiyatli o‘tdi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 6 oliy ta’lim muassasasida talaba bo‘lish ishtiyoqida bo‘lgan yoshlar test sinovlarini topshirdi.

Joriy o‘quv yilida ushbu oliy o‘quv yurtlariga 4 ming 772 nafar talaba qabul qilish belgilangan bo‘lib, 42 ming 539 abituriyent ariza topshirgan. Ularning 3 ming 855 nafari boshqa viloyatlardan kelgan yoshlar, 38 nafari chet ellik fuqarolardir.

– Abituriyentlarning test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishi uchun barcha qulaylik yaratildi, – deydi Davlat test markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi doimiy vakili Muzaffar Abdullayev. – Buning uchun 58 bino va 1 ming 325 auditoriya oldindan taxt qilib qo‘yildi. Bu yil arizalar soni o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 30,7 foizga ko‘p bo‘ldi. Abituriyentlar va ota-onalar uchun qulay sharoit yaratilib, savdo va tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bu yil 48 ta’lim yo‘nalishiga 2 ming 200 talaba o‘qishga qabul qilinadi. Test sinovlarida 19 ming 883 abituriyent qatnashdi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 4 ming 619 ta ko‘pdir. Joriy yilda universitetning bakalavriatura bosqichiga issiqlik energiyasi, meteorologiya, standartlash va mahsulot sifati menejmenti, texnologiya mashinalari va uskunalari, oziq-ovqat texnologiyasi, dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha 5 yangi yo‘nalish qo‘shildi.

– Tumanimizdagi agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejini avtomobillarda yuk tashishni tashkil etish mutaxassisligi bo‘yicha bitirib, universitetning avtomobil yo‘llari va aerodromlar ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirdim, – deydi Shumanay tumanidan O‘rinbek Allaniyozov. – Talabalar safiga qabul qilinishimga ishonaman. Chunki puxta tayyorgarlik ko‘rdim. Maqsadim, shu sohada yetuk mutaxassis bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishdir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalarida davlat test sinovlari belgilangan tartib-qoidalarga binoan o‘tkazildi. O‘qishga qabul qilinadigan talabalarning 1 ming 418 nafari davlat granti asosida ta’lim olsa, 3 ming 354 nafari to‘lov shartnomasi bo‘yicha o‘qiydi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
1 230






Все о погоде - Pogoda.uz