Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 15:06 Chop etish versiyasi

Termizdagi uchta oliy ta’lim muassasasida abituriyentlar test sinovlarini topshirdi

Termizdagi uchta oliy ta’lim muassasasida abituriyentlar test sinovlarini topshirdi Surxondaryo viloyatidagi uchta oliy ta’lim muassasasida 48 ming 800 ga yaqin abituriyent 53 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat test sinovlarini topshirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 maydagi "2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq abituriyentlar va ota-onalar uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Surxondaryo viloyatida joriy yilgacha bitta oliy ta’lim muassasasi – Termiz davlat universiteti faoliyat yuritar edi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra viloyatda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiallari tashkil etildi va ilk bor abituriyentlardan hujjatlar qabul qilindi.

Ochiqlik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazilgan test sinovlarida Termiz davlat universitetiga 1 ming 800, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filialiga 350 va Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga 300 yigit-qiz o‘qishga qabul qilinadi.

Termiz shahrida mamlakatimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallari tashkil etilgani vohaning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji bilan bevosita bog‘liq. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga 350 o‘rin uchun 6 ming 560, Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga 300 o‘rin uchun 5 ming 670 abituriyent hujjat topshirgani buning yorqin tasdig‘idir.

Termiz shahridagi oliy ta’lim muassasalarida ham test sinovlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun alohida hozirlik ko‘rildi. Auditoriya rahbari, vakil va kuzatuvchilar uchun maxsus o‘quv-seminarlari tashkil etildi.

– Bu yil abituriyentlardan hujjat qabul qilishda ta’lim muassasamiz mamlakatimizda peshqadam bo‘ldi, – deydi Termiz davlat universiteti rektori, senator Mamat Haydarov. – 36 bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 36 ming 546 o‘g‘il-qiz hujjat topshirdi. Test sinovlarini yuqori darajada o‘tkazish uchun 50 zamonaviy binoda 1 ming 80 auditoriya tayyorlanib, talab darajasida jihozlandi, ota-onalar uchun zarur sharoit yaratildi.

Hududda malakali kadrlarga talab o‘rganilganda sanoat tarmoqlari, texnika va texnologiyalar, agrar, xizmat ko‘rsatish va ta’lim sohalari uchun mutaxassislarga katta ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Shunga muvofiq, Termiz davlat universitetida mehnat ta’limi, islom tarixi va manbashunoslik, arxitektura, bino va inshootlar qurilishi, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish, turizm kabi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

– Islom tarixini o‘rganishga qiziqaman, – deydi Denov tumanidan kelgan abituriyent Nuriddin Mannonov. – Termiz davlat universitetida shu soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilganidan xursandman. Islom tarixi va manbashunoslik yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Bugungi sinov ochiq va adolatli o‘tdi. Hech kim shpargalka yoki boshqa vositalardan foydalangani yo‘q. Auditoriyada biz uchun barcha sharoit yaratilgan. Ichimlik suvi, ruchka va yozuv qog‘ozi bilan ham ta’minlashdi. Test savollarini muvaffaqiyatli yechdim, deb o‘ylayman.

Viloyatda abituriyentlardan tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hujjatlar qabul qilish jarayonining sifatli tashkil etilgani ilmga chanqoq yoshlar o‘rtasida adolatli raqobatni shakllantirish, zukko, chuqur bilimli yigit-qizlarni saralab olishga keng imkoniyat yaratayotir.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filialiga transport tizimlari va yo‘llari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashdek muhim vazifa yuklangan. Test sinovlari to‘qqizta zamonaviy ta’lim muassasasi binosida joylashgan 194 auditoriyada o‘tkazildi. Test sinovlari ochiq va adolatli o‘tganini nafaqat yoshlar, balki ota-onalar ham tasdiqlashdi.

– Erta tongdan ta’lim dargohlari tomon shoshayotgan yoshlarni kuzatib, havasim keldi, – deydi Termiz shahridan Ravshan Omonqulov. – O‘g‘lim Sherzod yo‘l-transport sohasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lishni orzu qiladi. Uning bu soha bo‘yicha Toshkentga borib o‘qishi bizni o‘ylantirib turgan edi. Qarang, baxtimizga Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali ochildi. Bundan quvongan farzandimiz birinchilardan bo‘lib hujjat topshirdi. Bugun test sinovlarini to‘g‘ri yechdi, degan umiddaman. Axir, ota-ona uchun farzandining yonida bo‘lishi muhim-da! Bularning barchasi istiqlol sharofati, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar baxtu-saodati va ta’lim tizimiga qaratayotgan yuksak e’tibori samarasidir.

Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali yangi o‘quv yilidan mevachilik, sabzavotchilik, uzumchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, qishloq xo‘jaligi menejmenti kabi 9 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi. Bugun to‘qqizta binoda joylashgan 163 auditoriyada agrar tarmoqlar uchun yetuk mutaxassis bo‘lish maqsadida hujjat topshirgan yoshlar test sinovlarini topshirdi.

– Shu yil kollejni tamomladim, – deydi abituriyent Isomiddin Ismoilov. – Viloyatimizda agrar tarmoq yaxshi rivojlanmoqda. Men ham shu soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lishni orzu qilaman. Viloyatimizda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi bo‘lmagani bois bu fikrimni ota-onamga aytishga istihola qilib yurgan edim. Mana, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali ochildi. Yaxshi niyatlar bilan hujjat topshirib, test sinovlarini to‘g‘ri yechishga harakat qildim.

El-yurt ravnaqi va farovonligiga daxldorlik tuyg‘usi bilan kamol topayotgan yoshlar orziqib kutgan hayajonli damlar halol raqobat asosidagi bilimlar bellashuvi ortda qoldi. Ana shu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bilimli, zukko va izlanuvchan yoshlar zamonaviy auditoriyalarda ta’lim-tarbiya olib, tanlagan mutaxassisligi sir-asrorlarini puxta egallashga muyassar bo‘ladi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
3 172






Все о погоде - Pogoda.uz