Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 13:18 Chop etish versiyasi

Ta’lim tizimi o‘zgaruvchan mehnat bozoriga moslasha oladimi?

Xalqaro press-klubda «Ta’lim tizimi o‘zgaruvchan mehnat bozoriga moslashish yo‘lida» mavzuida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamg‘armasi ijrochi direktori A.Pardayev, Xalq ta’limi vazirligi ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i D.Kenjayev, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori S.Turobjonov jurnalistlar bilan muloqot qildi.

Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish zarurati, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari bilan kooperatsiya aloqalari talab darajasida emasligi oqibatida mehnat bozoriga malakali mutaxassislar yetkazib berish borasida oqsash kuzatilmoqda. Buni YuNESKO tomonidan «DGP Research & Consulting» konsalting tashkiloti ko‘magida joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalari ham ko‘rsatmoqda. Unda, xususan, oliy ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot yaxlitligi yetarlicha ta’minlanmagani, talabalarning malaka amaliyotlarini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazish sust tashkil etilgani oqibatida bitiruvchilarning ma’lum qismi ishga joylashgandan so‘ng qaytadan o‘z kasbini, mutaxassisligini o‘rganayotgani, ta’lim sifatini nazorat qilish mexanizmi zamonaviy talablarga javob bermasligi, xorijiy hamkorlik aloqalari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani qayd etilgan.

So‘nggi paytlarda mazkur masalaga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Yaqinda Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni, «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, «Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari qabul qilingani buning amaldagi isbotidir.

Ishtirokchilar mazkur hujjatlar keng jamoatchilik tomonidan xayrixohlik bilan kutib olinganini, ularda belgilab berilgan chora-tadbirlar nainki oliy ta’lim tizimini, balki iqtisodiyot tarmoqlarining jadal rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Bugungi kunda ishlab chiqarishni zamonaviy kadrlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, – Afsuski, ko‘p hollarda talabalar ham, professor-o‘qituvchilar ham ishlab chiqarish jarayonlari bilan yetarlicha tanish emas. Prezidentimizning «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish o‘rtasida mana shunday uzilishlarga barham berishga qaratilgandir.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi nodavlat-notijorat shaklidagi tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish “Iste’dod” jamg‘armasi» deb o‘zgartirilib, davlat muassasasi maqomini oldi, – deydi jamg‘arma ijrochi direktori A.Pardayev. – Jamg‘armaning mazmuni bilan bog‘liq qator prinsipial jihatlari ham o‘zgardi. Xususan, yoshlarning magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha xorijda o‘qishlari belgilandi. Eng asosiysi, chet elda stajirovka o‘tashni mablag‘ bilan ta’minlash masalasining aniq mexanizmlari belgilab berildi. Natijada jamg‘armaning bir yillik dasturini amalga oshirish uchun 40 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash hamda magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga yuboriladigan ilmtalablarning kelgusida qaysi korxonada yoki ta’lim muassasasida ishlashi oldindan aniqlanadi va qaytgandan so‘ng mazkur tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatadi. Ularning mehnat, pedagogik va ilmiy faoliyati tizimli monitoring qilib boriladi.

1-avgust kuni mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbarining 28-iyuldagi «Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etilgan Chirchiq davlat pedagogika institutiga abituriyentlardan hujjat qabul qilinmagan bo‘lsa-da, o‘qish 2017/2018 o‘quv yilidan boshlanishi belgilandi. Bu boradagi savollarga Xalq ta’limi vazirligi ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i D.Kenjayev javob berdi:

– Qarorga muvofiq, institutga 2017/2018 o‘quv yili uchun 750 qabul kvotasi ajratilgan. Talabalar kontingenti Toshkent viloyatida doimiy yashayotgan Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur ta’lim muassasalariga belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilinmagan mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari abituriyentlari hisobidan, Toshkent viloyati tumanlari ta’lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllantiriladi. Birinchi o‘quv yilida o‘qitish to‘liq to‘lov-kontrakt, keyingi yildan boshlab davlat granti asosida ham o‘qitish joriy etiladi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda oliy ta’limga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani qayd etildi. Prezidentimizning 2017-yil 5-maydagi «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, umumiy kvota 10 foizga oshirildi. Test jarayonining ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha mamlakatimizdagi qator oliy o‘quv yurtlarida sinov tariqasida qo‘llanilgan nazorat chora-tadbirlari kelgusida boshqa ta’lim muassasalarida ham amalga tatbiq etilishi ma’lum qilindi.

Behzod Bozorov, O‘zA
3 762






Все о погоде - Pogoda.uz