O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 14:10 Chop etish versiyasi

Taʼlim sohasidagi talon-torojliklar fosh etildi

Taʼlim sohasidagi talon-torojliklar fosh etildi

Departamentning Samarqand shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, Samarqand Davlat Universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi mansabdor shaxslarining qilmishlari fosh etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qilishicha, masʼullar 2017-2018-yillar davomida taʼlim jarayoniga jalb qilinmagan oʻqituvchilar tomonidan dars oʻtilganligi toʻgʻrisida dars jadvallariga soxta maʼlumotlar kiritgan. Ushbu maʼlumotlar asosida 9 nafar oʻqituvchiga oʻtilmagan oʻquv mashgʻulotlari uchun soxta buyruqlar rasmiylashtirilib, 9,2 mln. soʻm ish haqlari toʻlangan. Shuningdek, markazning 3 nafar rahbar xodimiga asosiy va oʻtishi mumkin boʻlgan oʻquv mashgʻulotlaridan tashqari dars soatlari uchun 7,4 mln. soʻm ish haqlarini noqonuniy ravishda toʻlab, jami 16,7 mln. soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand Davlat Universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

OʻzA