O‘zA O`zbek

05.07.2019 Chop etish versiyasi

Taʼlim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha matbuot anjumani oʻtkazildi

Taʼlim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha matbuot anjumani oʻtkazildi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan “Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Matbuot anjumani Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati hamda barcha ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-iyulda 515-son qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga asosan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi uzluksiz taʼlim sifatini yuqori bosqichga koʻtarish, shuningdek, taʼlim sifati va oʻquv jarayonlari samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirib kelmoqda.

Inspeksiya tomonidan “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom” ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlandi. Bunga asosan, 2018-2019 oʻquv yilida jami 1687 maktabgacha taʼlim muassasalari davlat attestatsiyadan oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, sentyabr-noyabr oylarida 269 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 183 tasi attestatsiyadan oʻtdi, 66 tasi attestatsiyadan shartli oʻtdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan hozirgi kunga qadar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2018-yil 27-martdagi 241-son qaroriga muvofiq respublika boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jami 4440 ta hujjat kelib tushdi va koʻrib chiqildi. Ekspertiza natijalariga koʻra 1499 ta yangi litsenziya berilgan va qayta rasmiylashtirilgan.

Maʼlumki, Taʼlim inspeksiyasi huzurida Taʼlim sifatini baholashda xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish boʻyicha Milliy markaz tashkil etilgan. Oʻtgan yil Inspeksiya va OECD tashkiloti oʻrtasida “Oʻquvchilar savodxonligini baholash xalqaro PISA dasturi”da ishtirok etish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi. “4-sinf oʻquvchilarining oʻqish va tushunish darajasini baholash PIRLS dasturi”da ishtirok etish boʻyicha IEA bilan kelishuv imzolandi.

Davlat inspeksiyasi tashkil etilgandan buyon 3980 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari attestatsiyadan oʻtkazilib, ularning 3729 tasi (93,7%) akkreditatsiyalandi. (2017-yilda 673 ta; 2018-yilda 2046 ta; 2019-yilning 5 oyi davomida 1010 ta).

2019-yilda mart-iyun oylarida attestatsiyadan oʻtadigan pedagog kadrlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning http://pka.tdi.uz/- elektron bazasi yaratilgan boʻlib, mazkur bazaga 80 mingga yaqin pedagog kadrlar haqidagi maʼlumotlar va attestatsiya natijalari kiritildi. Attestatsiyadan oʻtuvchi pedagog kadrlar uchun 29 ta umumtaʼlim oʻquv fanlaridan oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida savollar bazasi shakllantirildi. 2019-yil mart oyida pedagog kadrlar attestatsiya jarayonining test sinovlarida oliy, birinchi toifalariga jami 23118 nafar talabgor ishtirok etdi. Test sinovlari natijalariga koʻra ishtirok etganlarning 11249 (50%) nafari ijobiy natijalar, yaʼni amaldagi malaka toifasini oshirish yoki saqlab qolishga mos keladigan koʻrsatkichlarni qayd etishgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-xunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi PF-5538-son “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan barcha hududlarda tasdiqlangan grafik asosida 956 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarda nazorat ishlari hamda soʻrovnomalar oʻtkazildi. Maktablar reytingi jarayoni 2019-yil 8-19-aprel kunlari tartib asosida olib borildi. Nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnomalarni toʻliq shaffof va sifatli oʻtishini taʼminlash uchun jami 57 ta ishchi guruh tuzilib, uning tarkibida 200 nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat olib bordi. Maktablar reytingi natijasi yangi oʻquv yili boshlanishidan kechiktirmay eʼlon qilinadi.

Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimi sifatini oshirishning yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri, taʼlim turlari boʻyicha milliy malaka (kvalifikatsiya ramkalari) meʼyorlarini ishlab chiqishda Rossiya tajribalarini oʻrganish va oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Rossiya Federatsiyasi xalqaro toifadagi eksperti (V.I.Skorobogatova) ishtirokida amaliy uchrashuv tashkil etildi va oʻzaro tajriba almashish yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakatimiz OTMlarda taʼlim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida jami 71 ta OTM faoliyati oʻrganildi va kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatildi.Xususan, 26ta OTM attestatsiyadan oʻtkazildi va barcha OTMlar faoliyati televideniyeda keng yoritildi. Shuningdek, OTMda kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilash boʻyicha yoʻl xaritalar ishlab chiqildi va nazoratga olindi. Inspeksiya oʻz faoliyatini boshlagandan buyon 7 ta OTM akkreditatsiyalandi, 12 ta OTM shartli oʻtdi va 1 ta OTM attestatsiyadan oʻtmadi. Jami 424 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishlari va 283 ta magistratura mutaxassisliklari attestatsiyadan oʻtkazildi, shundan 267 ta (62.9%) taʼlim yoʻnalishlari va 177 ta (62.5%) magistratura mutaxassisliklari attestatsiyadan oʻtdi. Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim boʻyicha esa jami 177 ta ixtisoslikdan 122 tasi (68.9 %) attestatsiyadan oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-may kuni Oʻzbekiston Milliy universitetida taʼlim va ilm-fan sohasi vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuv majlisi belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish boʻyicha 4 ta ishchi guruh tuzildi va reja-grafik ishlab chiqildi.

Bugungi kunda inspeksiya tomonidan amaldagi oliy taʼlim muassasalari reytingini aniqlash metodikasini takomillashtirish maqsadida jahondagi yetakchi reyting agentliklari metodologiyasi oʻrganib chiqildi. Jumladan, QS (Quacquarelli Symonds), ARWU (Academic Ranking of World Universities) va THE (Times Higher Education) kabi nufuzli tashkilotlarning reyting tuzish metodologiyalari chuqur tahlil qilinib, ular asosida milliy oliy taʼlim muassasalarining faoliyatini baholovchi 18ta indikatordan iborat takomillashtirilgan reyting tuzilmasi yaratildi.

Davlat inspeksiyasi tomonidan ish beruvchilar bilan oʻtkaziladigan soʻrovnoma jarayonini shaffof amalga oshirish uchun www.tdi.uz saytida onlayn platforma (anketa soʻrovi) ochildi. Joriy yilning 4-31-may sanalari oraligʻida ushbu anketa soʻrovida 6000 ga yaqin ish beruvchilar ishtirok etib, bitiruvchi yosh mutaxassislar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Maʼlumki, joriy yilning 7-iyun sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari reytingini aniqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 467-son qarori bilan “Oliy taʼlim muassasalari reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizom” tasdiqlandi. Reyting natijalari 2019-yil avgust oyida ommaviy axborot vositalarida va Davlat inspeksiyasining www.tdi.uz hamda http://reyting.tdi.uz saytida eʼlon qilinadi.

Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash boʻyicha 2019-yilning 1-yarim yilligida jami 7358 ta (2018-yilda 1073 ta) ariza qabul qilingan boʻlib, shundan 6927 ta ariza davlat xizmatlari markazlari orqali; 431 ta ariza yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan va ekspert komissiyalariga maxsus ekspertiza uchun yuborilgan. Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalashda taqdim etiladigan hujjatlar sonini amaldagi 5 tadan 2 taga kamaytirildi.

“Rossiya Federatsiyasi hukumati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida taʼlim hujjatlarini, malakaviy va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish boʻyicha Bitim” 2019-yil 30-may kuni Urganch shahrida imzolandi. Inspeksiya oʻz faoliyati Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Finlyandiya, Angliya, AQSH, Polsha, Turkmaniston va Fransiya kabi 20 tadan ortiq xorijiy davlatlarning elchixonalaridan hamkorlik qilish boʻyicha takliflar oldi, 35 dan ortiq rasmiy uchrashuvlar oʻtkazildi. Shuningdek AQSH, Rossiya, Fransiya, Malaziya, Qozogʻiston kabi davlatlarga 10 dan ortiq rasmiy tashriflar tashkil qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi

11 650
O'zA