Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2018 12:36 Chop etish versiyasi

“Sevinch” bolajonlarning sevimli maskaniga aylanadi

“Sevinch” bolajonlarning sevimli maskaniga aylanadi Guliston shahrida xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan “Sevinch” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi.

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

5.JPG

10.JPG

Prezidentimizning 2017 yil 9 sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

100 o‘ringa mo‘ljallangan ikki qavatli bog‘chada “Beton sanoat” va “Sherzodbek qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari quruvchilari tomonidan 3 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Bolalar yotoqxonasi, oshxona, mo‘jaz kutubxona, maxsus til o‘rganish xonalari, pediatr hamda tibbiyot xonalari, ovqatlanish, musiqa va gimnastika zallari zamonaviy, innovatsion texnologiya va uskunalar bilan jihozlangan.

6.JPG

24.JPG

Tanlov asosida ishga qabul qilingan 16 nafar xodimning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, bu yerda ingliz, rus va koreys tillari chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi.

Bog‘cha hovlisida barpo etilgan ixcham issiqxonada 14 tup limon ko‘chati, pomidor, bodring, turli ko‘katlar parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, turli sabzavotlar ham ekilgan. Shuningdek, suzish havzasi, mashg‘ulot va musobaqalar uchun sport maydonchalari qurilib, attraksionlar o‘rnatilgan.

15.JPG

25.JPG

– 3 yil muqaddam “Ipotekabank”ning viloyat filialidan 1 milliard 750 million so‘m kredit olgandim, – deydi “Sevinch” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Barchinoy Usmonova. – Qolgan mablag‘ o‘zimizning shaxsiy jamg‘armamiz hisobidan sarflandi. Qarovsiz yerda shunday zamonaviy muassasa barpo etganimizdan xursandmiz. Birinchi ish kunidayoq 25 nafar tarbiyalanuvchini qabul qildik. Musiqa, chaqqon qo‘llar, rasm, sport va boshqa to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mashg‘ulotlarni malakali mutaxassislar o‘tmoqda.

Tarbiya maskani zarur qattiq va yumshoq mebellar jamlanmasi, o‘yinchoqlar, sport jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan. Shuningdek, bog‘chaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan turli musiqa asboblari tuhfa etildi.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
8 670