Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 18:24 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ulug‘ bobomiz merosi qanday o‘qitilmoqda?

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ulug‘ bobomiz xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish bilan birga ona tilimiz, ma’naviyatimiz, milliy adabiyotimizni yanada rivojlantirish va yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

– Mamlakatimizda Alisher Navoiy merosini keng va atroflicha, to‘laqonli o‘rganish, uning asarlarida ulug‘langan g‘oyalar mazmunini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga yetkazish yuzasidan katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi universitet o‘quv-uslubiy bo‘limi boshlig‘i Anvar Sayfullayev. – Shu jihatdan o‘quv dargohimizdagi 26 fan bo‘yicha davlat ta’lim standartlari va ular asosida o‘quv rejalari to‘liq yangilanib, davr ruhiga hamohang bo‘lgan darsliklar, o‘quv-uslubiy majmualar yaratilmoqda. Ta’lim bosqichlarida Alisher Navoiy ijodini o‘rganish, adabiyotshunoslik nazariyasi, Navoiy poetikasi, o‘zbek adabiyoti tarixi, matn lingvistikasi, navoiyshunoslik va boshqa fanlar o‘qitilayotgani shular jumlasidandir.

Mutafakkir bobomiz merosini keng va mukammal o‘qitishda adabiyotshunoslik nazariyasi, matnshunoslik, badiiy tahlil asoslari, qadimgi turkiy til, tasavvuf va mumtoz poetika asoslari, matn va talqin muammosi, mumtoz adabiy asarlarni sharhlab o‘rganish, mutolaa san’ati, badiiy tarjima kabi fanlarning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda.

– Yangi va mustaqil o‘quv fani sifatida "Navoiyshunoslik" predmetining joriy etilgani alohida ahamiyatga molikdir, –deydi universitet o‘qituvchisi Saodat Qambarova. – O‘quv yili davomida to‘liq o‘tiluvchi ushbu fanda Navoiy hayoti va ijodi umumiy tarzda, allomaning she’riyati, Navoiy lirikasi, epik merosi sharhlab o‘qitiladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi "Madaniyat va ma’rifat" telekanali bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan "Xamsaxonlik", "Bir bayt sinoati", "Navoiy saboqlari" singari ma’rifiy ko‘rsatuvlar shoir ijodini xalqimizga kengroq tanitishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Dilshod Islomov mazkur universitetning birinchi kursida tahsil oladi. U "Navoiyni o‘rganamiz" badiiy to‘garagining faol a’zosi. Navoiy ijodi, lirikasi, g‘azallarining mavzu yo‘nalishi, talqini, izohlari, shoir she’riyatidagi janr va timsollarga doir mashg‘ulotlar u kabi ko‘plab yosh tilshunoslar, mutarjimlarning bilimlarini boyitish va yanada kengaytirish imkonini berdi.

– Men Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan, Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi tabarruk dargohda tahsil olayotganimdan faxrlanaman, – deydi Dilshod. – Ushbu dargoh biz kimlarning avlodi ekanimizni doim yodda saqlashga, nomlari tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan zotlarga munosib bo‘lishga undaydi. Kelgusida Navoiy bobomiz g‘azallarini ingliz tiliga tarjima qilish niyatidaman.

Talaba-yoshlarning shoir ijodiga oid bilimini boyitishda turli tanlovlar, intellektual viktorinalar, ilmiy anjumanlarning ahamiyati g‘oyat katta bo‘lmoqda. Adabiyot, Temuriylar tarixi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeylarida tashkil etiladigan ochiq darslar, mahorat va ma’naviyat saboqlari tilshunoslik, manbashunoslik, ulug‘ allomalarimizning jahon sivilizatsiyasi, ilm-faniga qo‘shgan hissasiga doir qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini bermoqda.

Ta’lim va fan o‘rtasidagi o‘zaro integratsiya jarayonini kuchaytirish yoshlarni ilmiy faoliyatga tobora ko‘proq jalb etish, ularni mamlakatimizdagi ilmiy-innovatsion jarayonlar bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur universitet huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot institutida ana shu jihatlarga e’tibor qaratilmoqda.

– Navoiy merosi olimlarimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda, – deydi institut ilmiy kotibi Rahmatilla Barakayev. – Uch jilddan iborat "Alisher Navoiy qomusi" to‘plami ustida olib borilgan izlanishlar yakunlandi. Unda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar keng kitobxonlar ommasi e’tiboriga havola etilgan. Ibrohim Haqqulning "Navoiyga qaytish" asarining ikkinchi va uchinchi kitobi nashr etildi. Navoiyning "Shohbaytlar" kitobi, "Alisher Navoiy asarlari tilining lug‘ati", "Navoiy asarlarining frazeologik lug‘ati" ham talabalar, she’riyat ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.

Shu kunlarda navoiyshunos olimlar, o‘qituvchilar, ma’naviyat fidoyilari, talaba-yoshlar ishtirokida ta’lim maskanlarida Navoiyning 576-yilligiga bag‘ishlangan konferensiyalar, mushoiralar, g‘azalxonlik kechalari bo‘lib o‘tmoqda.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 702






Все о погоде - Pogoda.uz