O‘zA O`zbek

16.04.2019 10:37 Chop etish versiyasi

Oliy ta’limda zamonaviy texnologiyalar kerak-mi?

Oliy ta’limda zamonaviy texnologiyalar kerak-mi?

Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini, shuningdek, o‘quv-ilmiy laboratoriyalar bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ayni paytda 8 ming 26 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga 563 nafar malakali professor o‘qituvchilar ta’lim bermoqda. Institutda yetishib chiqayotgan kadrlar iqtisodiyot sohasining turli tarmoqlarida samarali faoliyat yuritayotir. Bunda albatta ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar muhim o‘rin tutadi.

Xususan, birgina o‘tgan yilda institutning fizika kafedrasidagi mexanika va molekular fizika, elektr va magnetizm, optika bo‘limlariga so‘nggi rusumdagi o‘quv uskunalari bilan jihozlangan uchta zamonaviy laboratoriya foydalanishga topshirildi. Buning uchun Germaniyaning Leybold kompaniyasidan 29 nomdagi jami 1 milliard 870 million so‘mlik yangi zamonaviy laboratoriya jihozlari keltirilib o‘rnatildi. 

Ushbu laboratoriyalar yordamida fizika kafedrasida innovatsion laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda fizika darslari va darsdan keyingi to‘garak mashg‘ulotlari fanlararo integratsiyalashgan darslar shaklida tashkil etilmoqda. Fizikadan laboratoriya mashg‘ulotlari o‘qituvchilar tomonidan muvofiqlashtiriladi hamda fizika fani bo‘yicha “Mahorat maktablari”da o‘qituvchi va talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion g‘oyalar muhokama qilinib takomillashtiriladi.

photo5249399812351175236.jpg

– Fizika kafedrasida tashkil etilgan yangi laboratoriya jihozlaridan unumli foydalanish uchun mashg‘ulotlar hafta davomida fakultetlar kesimida tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning iqtidoriga ko‘ra laboratoriya ishlari tabaqalashtirilgan, – deydi fizika fanlari nomzodi, dotsent Qahhor Tursunov. – Fizikadan innovatsion laboratoriya mashg‘ulotlari kafedrada reja asosida ikki yo‘nalishda – talabalarning fanlar nazariyasi bo‘yicha bilimlarini oshirish hamda qiziqarli amaliy tajriba va tadqiqotlar shaklida talabalarning bilimi inobatga olingan holda guruhlarda ishlash, keys-stadi, tadqiqotchilik, o‘quv loyiha metodlari kabi turli tadbirlar shaklida amalga oshirilmoqda.

Darhaqiqat, laboratoriyada yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar talabalarning mavzularni puxta o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda.

– Amaliy mashg‘ulotlar qanchalik ko‘proq o‘tilsa, dars shunchalik qiziqarli va tushunarli bo‘ladi, – deydi institutning birinchi bosqich talabasi Marjona Karimova. – Bu yerda o‘zlashtirgan bilimlarimiz, ertaga sanoat korxonalariga borganimizda qo‘l keladi. Hozirda darslarimiz bevosita laboratoriya xonasining o‘zida olib borilayotgani bilimlarimizning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Akademik innovatsiyalar fondi” loyihasi tanlovida institut jamoasi “O‘zbekistonda zamonaviy axborot – kommunikatsiya texnologiyalari asosida oliy ta’lim tizimida masofaviy ta’limni tashkil etish modeli va texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha Jahon bankining 90 ming AQSh dollari hajmidagi grantini qo‘lga kiritdi.

photo5251276605685344883.jpg

– Loyihaning asosiy maqsadi forsayt markazlar tashkil etish orqali O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayonida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari va “Elektron ta’lim” tatbiqi 2020-2025 yillarda innovatsion rivojlanishning kelajak traektoriyasini va texnologik yo‘l xaritasini ishlab chiqish, O‘zbekiston sharoitiga mos modeli, texnologiyasi va dasturiy ta’minotini tanlashdan iborat, – deydi loyiha muallifi va texnik koordinatori, professor Oktabr Rahimov. – Bu loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida masofaviy ta’lim tashkil etilishi orqali aholining oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish imkoniyati yaratiladi. Ta’lim jarayoni vaqt va joy, manzilga bog‘liq bo‘lmaydi. Iqtisodiy tejamkorlikka erishiladi. Ta’lim xarajatlari 8-10 foizga, aholi uchun shartnoma to‘lovi esa 4-5 barobar arzonlashadi. Ijtimoiy teng huquqlilik – ta’lim oluvchining yashash joyi, sog‘ligi va moddiy ta’minoti darajasidan qat’iy nazar hamma qatori teng huquqli ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Ayniqsa, nogironlar va O‘zbekiston xalqining milliy mentalitetiga mos ravishda oilali hamda yosh bolali ayollar uchun uyda hamda ishlab chiqarishda ishlovchi ishchi-xodimlar uchun ishdan ajralmagan holda ta’lim olish imkoniyatlari yaratiladi.

Shuningdek, loyiha amaliyotga joriy qilingach ta’lim oluvchi o‘zining imkoniyatiga qarab bir vaqtda bir nechta oliy ta’lim muassasasida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta’lim sohasida erishilgan xalqaro standartlarga javob beruvchi yutuqlarni, innovatsion texnologiyalarni import va eksport qilish, rivojlangan davlatlar professorlarini o‘quv jarayoniga keng jalb etish imkoniyatlari kengayadi. Oliy ma’lumotli kadrlar sonining oshishi natijasida O‘zbekistonning intellektual salohiyati ko‘tariladi. 

photo5251276605685344887.jpg

Xulosa, o‘rnida aytish mumkinki, bugun ta’lim tizimida uzoqni ko‘zlab, olib borilayotgan bunday islohotlar, kelajakda albatta o‘z mevasini beradi. Ta’lim muassasalarida yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarning tag zamirida mana shu ezgu g‘oya mujassam. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir. 

O‘.Barotov, O‘zA
393