Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.04.2018 16:52 Chop etish versiyasi

Olimpiada g‘oliblari kelgusida xalqaro fan tanlovlarida ishtirok etadi

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yil 13-15 aprel kunlari ilk bor o‘tkazilgan innovatsion olimpiadaning yakuniy bosqichi natijalari e’lon qilindi.

Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, do‘stona munosabatni mustahkamlash, o‘quvchilarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, ularning fanlar bo‘yicha olgan bilimlarini namoyon etishiga keng imkoniyat yaratgan olimpiada ochiq-oshkora o‘tkazildi.

Tanlovni adolatli, oshkora, shaffof tashkil etish, o‘quvchilar bilimini haqqoniy baholashni ta’minlash uchun olimpiadaning barcha bosqichlarida tashkiliy qo‘mita, hay’at a’zolarining farzandlari, o‘quvchilari yoki yaqin qarindoshlari ishtirok etayotgan bo‘lsa, ushbu shaxslar tegishli qaror asosida tashkiliy qo‘mita yoki hakamlar hay’ati a’zolari tarkibidan chiqarildi.

Mazkur olimpiada to‘rt bosqichda tashkil etilib, uchinchi hududiy bosqichda 100 ballik tizimdan 86 foizdan yuqori natija ko‘rsatganlarning barchasi respublika bosqichida ishtirok etdi. Shuningdek, test sinovlari onlayn tarzda elektron dastur yordamida o‘tkazildi.

Tasviriy san’at, fizika, matematika, O‘zbekiston tarixi, informatika va axborot texnologiyalari, biologiya, kimyo fanlaridan o‘tkazilgan innovatsion olimpiadaning yakuniy bosqichida jami 516 nafar o‘quvchi o‘zaro bahslashdi.

Mamlakatimizning yetti hududida bo‘lib o‘tgan olimpiada yakunida ishtirokchilar o‘zlari tashrif buyurgan shaharlardagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor maskanlarni ham ziyorat qildi.

Olimpiadada 8-9-10-sinf o‘quvchilari uchun alohida o‘rinlar belgilandi. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Biologiya fanidan o‘z bilimimni sinab ko‘rdim, – deydi Chilonzor tumanidagi 195-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Aziza Shoumarova. –Birinchi o‘rinni egallash oson bo‘lmadi.Raqiblar ham bilimli, yuksak salohiyatli, kuchli tayyorgarlikka ega ekan. Angladimki, bundan buyon o‘z ustimda yanayam ko‘proq ishlashim kerak.

G‘olib o‘quvchilar kelgusida nufuzli xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida mamlakatimiz nomidan ishtirok etadi.

Barno Meliqulova, O‘zA
9 963