Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 14:24 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik ingliz tili o‘qituvchilari Buyuk Britaniyada malaka oshirib qaytdi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan «Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovi g‘oliblari yaqinda Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirib qaytdi.

Mamlakatimizda yosh avlodning zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganishi barobarida, chet tillarni mukammal o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunday yigit-qizlar safini yanada kengaytirish, ularning xalqaro ko‘lamda ilm olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, xorijiy tillarni bilish darajasini yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Buyuk Britaniyaning Glazgo Kaledonian universiteti nufuzli ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, u yerga dunyoning barcha burchaklaridan malaka oshirish kurslariga tinglovchilar keladi. Universitetning tajribali mutaxassislari va professorlari tomonidan o‘qituvchilarimizga dars jarayonidagi til terminlari, talaffuz ustida ishlash, chet tilini o‘rgatishda autentik materiallardan foydalanish va dars o‘tishning boshqa samarali usullari haqida ma’lumot berildi.

Tajriba almashish jarayonida CEFR (Chet tilini egallashning umumevropa talablari) tizimi va uning O‘zbekistonda joriy etilishi yuzasidan fikr almashildi.

Dars o‘tishning kichik guruhlar bilan ishlash, o‘qitishning kommunikatsion metodlaridan foydalanish, chet tilida muloqotga kirishish kabi usullari iboralar va rolli o‘yinlar orqali o‘rgatildi.

O‘zbekistonlik ingliz tili o‘qituvchilari Glazgo shahrida joylashgan Glazgo akademiyasi va maktablarda bo‘lib, mamlakatimiz hayotiga oid taqdimotlar o‘tkazdi.

Malaka oshirish kursi yakunida O‘zbekiston o‘qituvchilariga xalqaro sertifikatlar topshirildi.

Azima Qiyosova, O‘zA
1 749






Все о погоде - Pogoda.uz