Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 19:03 Chop etish versiyasi

O‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarida test sinovlari bo‘lib o‘tdi

15-avgust kuni mamlakatimizdagi 155 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim maskanida saralash test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2017-yil 9-sinflarni tamomlagan o‘quvchilarni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul qilishning umumiy parametrlari, shuningdek, hududlar bo‘yicha qabul kvotalari tasdiqlangan edi.

Xususan, joriy yilda ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, keng jamoatchilikning fikr va takliflarini, istaklarini inobatga olgan holda umumta’lim maktablarida 10-11-sinflar tashkil etildi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qish niyatida bo‘lgan yoshlar esa yurtimizdagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda tahsilni davom ettirish imkoniyatiga ega.

Belgilangan qabul rejasidan ortiqcha hujjat kelib tushgan 129 kollej va 26 litseyda o‘quvchilar qabuli uchun saralash test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkazildi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazidan ma’lum qilishlaricha, saralash test sinovlari o‘tkaziladigan ta’lim muassasalariga belgilangan rejaga ko‘ra 36 ming 925 nafar o‘quvchi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Ularga hujjat topshirgan o‘quvchilar soni esa 108 ming 700 nafarni tashkil etgan. Kollejlarda tahsil olish istagidagi yoshlar tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, avtomobilsozlik, sayyohlik va mehmonxona ishi, bank ishi, huquqshunoslik, tibbiyot, pedagogika yo‘nalishidagi ta’lim muassasalariga, ayniqsa, ko‘p hujjat kelib tushgan.

Saralash test sinovlari natijasiga ko‘ra, 71 ming nafardan ortiq test sinovidan o‘ta olmagan o‘quvchilar o‘z xohishiga qarab, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga yo‘naltiriladi.

Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida saralash test sinovlari belgilangan talab va me’yorlarga to‘liq amal qilgan holda, tartibli tarzda o‘tkazildi. Kollej direktori Abdufattoh G‘oyibnazarovning aytishicha, bu yil mazkur o‘quv muassasasiga 540 o‘quvchi qabul qilinadi. Yoshlardan kelib tushgan hujjatlar soni esa 1 ming 218 tani tashkil etgan. Ayniqsa, temir yo‘l transporti vositalaridan foydalanish va ta’mirlash bo‘yicha mexanik, temir yo‘l stansiyalaridan foydalanish va xizmat ko‘rsatish texnigi, vagonlardan foydalanish va ta’mirlash texnik-mexanigi, sohada xizmat ko‘rsatish texnigi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kollejda o‘qish istagidagi yoshlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

– O‘g‘lim Biloliddin ushbu kollejda o‘qish uchun hujjat topshirgan, – deydi Toshkent viloyatidan kelgan Mahfuza Kamolova. – Bugungi kunda yurtimizda temir yo‘l transporti sohasi shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Eng ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar sohaga jadal joriy etilayotgani yoshlarda mazkur yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda.

Bugun bilim, kasb-hunar sirlarini puxta egallash istagidagi yoshlar uchun mustaqil hayot ostonasidagi yana bir sinov ortda qoldi. Yoshlarning yuqori bilimli, salohiyatli mutaxassis bo‘lib yetishishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar Vatanimiz taraqqiyoti, hayotimizning farovonligi, mehnat bozorini esa fidoyi, o‘z kuchiga, iqtidoriga ishongan kadrlar bilan ta’minlash yo‘lidagi e’tiborning amaliy ifodasidir.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 957






Все о погоде - Pogoda.uz