O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻquvchilar qanday imtihon topshiradi?

Oʻquvchilar qanday imtihon topshiradi?

Maktab darslari masofaviy va mustaqil oʻzlashtiriladi, deyilmoqda. Shu oʻrinda ota-onalarda oʻquv jarayoni boshlanganda imtihon yoki nazorat ishi olinadimi, farzandlarimizning darslarni oʻzlashtirganlik darajasi qanday baholanadi, kabi savollar tugʻilmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, televizion darslarni parallel ravishda vazirlikning rasmiy veb-saytida, kundalik.com hamda onlayn maktab elektron portali orqali kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

Kundalik.com orqali oʻqituvchilar oʻquvchilarning videodarslar orqali bilim olishini nazorat qilib, baholab boradi. Kundalik raqamli taʼlim platformasi maktablarda masofaviy taʼlimni tashkil qilish uchun barcha zarur funksiyalarga ega. Bu oʻquvchilarga uyda oʻtirgan holda oʻquv jarayonini toʻxtatmaslik, fanlarni mustaqil ravishda oʻrganish va pedagog bilan masofadan turib muloqot qilish imkonini beradi.

Pedagoglar Kundalik orqali uy vazifalarini va oʻquv materiallarini berishi, oʻquvchilar esa bajarilgan ishlarni tekshirishga yuborishi mumkin. Shu asosda oʻqituvchilar elektron jurnalga baho qoʻyadi yoki javoblar ustida yana ishlash boʻyicha sharhlarini qoldiradi.

Ammo bu tizim hozircha faqat Toshkentda ekanini hisobga olish zarur. Shu bois, qolgan hududlarda taʼtil davri tugab, oʻquv jarayonlari boshlangan vaqtda 4-chorakda rejalashtirilgan nazorat ishlari (oraliq va yakuniy) oʻtkaziladi. Chunki oʻquvchilarning oʻquv yilini muvaffaqiyatli yakunlashi hamda sinfdan sinfga koʻchirilishi, bitiruvchi sinf oʻquvchilariga esa attestat berilishi kerak.

Bu jarayonda ota-onalardan masʼuliyatli boʻlishi talab qilinadi. Ular farzandlari bilimini mustahkamlashda oʻz yordamini ayamasligi, faqatgina teledasturlar orqali berilayotgan darslarda emas, balki muntazam ravishda maktab dasturini oʻzlashtirishida koʻmak berishi kerak.

429
OʻzA