Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 18:42 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz umumta’lim maktablarida Adabiyot oyligi boshlandi

Adabiyot oyligi doirasida buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosiga bag‘ishlangan adabiy kechalar, ma’naviyat soatlari, ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida boshlangan ezgu sa’y-harakatlar ulug‘ allomalarimiz ijodidan ko‘proq va to‘laqonli bahramand bo‘lish, ular qalbini ezgu g‘oyalar bilan munavvar etishda yangi ufqlarni ochishi shubhasiz.

"...Inson o‘zining go‘zal xulq-atvori, teran ma’naviyati, ota-onasi, Vatani, ajdodlar xotirasiga ehtiromi bilan insondir. Har gal bobomiz Alisher Navoiy g‘azallarini o‘qiganda bunga qayta-qayta ishonch hosil qilish mumkin. Shu sababli ham ulug‘ shoir bobomizning asarlari nainki xalqimiz, balki dunyo kitobxonlarining qalbiga yaqin va qadrdon".

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 144-maktabning 8-"A" sinfida bo‘lib o‘tgan ma’naviyat sabog‘i o‘qituvchining shu so‘zlari bilan boshlandi. O‘qituvchi Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan mavzuni bolalarga sodda, ravon, ta’sirchan tushuntirishga astoydil intiladi.

Ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Nigora A’zamxo‘jayeva bolalardan yurtimizdagi ulug‘ bobomiz nomi bilan yuritiluvchi maskanlar haqida so‘radi:

– Mamlakatimizdagi iqtisodiy salohiyati eng yuqori bo‘lgan viloyatlardan biri Navoiy nomi bilan yuritiladi, – dedi Fazilat Sobirova.

– Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, – javob berdi Zulfiya Murodullayeva. – Dugonalarimiz bilan kitob mutolaasi uchun doim o‘sha dargohga boramiz. Kitobni yaxshi ko‘radiganlar uchun bu maskanda hamma sharoitlar bor. Shahrimizdagi Navoiy ko‘chasi eng so‘lim, gavjum, fayzli maskanlardan.

Humoyun Qambarov Toshkent metropolitenidagi bobomiz nomi bilan yuritiluvchi bekat eng muhtasham va chiroyli maskanlardan ekanini aytdi.

– To‘g‘ri, – deb tasdiqladi muallim. – Bobomizning "Xamsa" asaridagi dostonlarning nomi, shoh misralari, ibratli so‘zlaridan parchalar keltirilgan, tasviriy, me’morchilik, xalq amaliy san’atining eng nodir namunalari aks etgan bu bekat hamshaharlarimiz, yurtimizga kelgan barcha mehmonlar, ayniqsa, xorijlik sayyohlarning hayrati va havasini keltiruvchi muazzam obyektdir.

– Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri ham Toshkentimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan san’at dargohlaridan, – deydi Abdusobir Ibrohimov. – Uning atrofidagi so‘lim xiyobonda rasm chizish menga juda yoqadi.

O‘qituvchi bolalarga alloma nomi bilan ataluvchi maskanlar haqida bejiz so‘zlamaganini, uning ijodida obodlik, bunyodkorlik, xalqning orzu-xayollarini aks ettirish ustuvor o‘rin tutishini astoydil tushuntirdi.

Respublika ta’lim markazi filologiya fanlari bo‘limi bosh metodisti Komila Usmonovaning aytishicha, umumta’lim maktablarida ulug‘ shoir merosini o‘rganish "oddiydan murakkabga" tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bunda boshlang‘ich sinflarda Oybekning "Alisherning yoshligi", "Bola Alisher" kabi hikoya va qissalari, Xurshid Davronning "Alisher Navoiy" nomli hikoyasi, Abdulla Oripovning "Alisherning onasi" she’ri misolida mutafakkir bobomizning bolaligi, hayoti va ijodi o‘g‘il-qizlarga tushuntirilmoqda. Ayni paytda keyingi sinflarda Navoyining "Hayrat ul-abror", "Mahbub ul-qulub", "Sab’ai sayyor" asarlaridan o‘quvchilar yoshiga mos tarzda hikoya va rivoyatlar o‘qilsa, 8-sinfda Navoiy she’riyatiga uning qit’a, ruboiy, g‘azallari yordamida oshno bo‘lish mumkin. "Xamsa" asari 9-sinfda o‘quvchilar e’tiboriga havola etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida «Buyuk ajdodlarni yod etib...» mavzuida adabiyot, she’riyat bayramlari, mushoiralar o‘tkazilmoqda. Yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat va adabiyot fidoyilari ishtirokidagi ushbu tadbirlarda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyati, ijodiy merosining ahamiyati yoshlarga tushuntirilmoqda. «Navoiy va Bobur ijodini o‘rganamiz» mavzuidagi ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi yosh avlodning bilim va saviyasi, tafakkurini yanada kengaytirish va boyitishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bularning barchasi yosh avlod bilimini boyitish, tafakkurini charxlash, ma’naviyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimizga, yaxshi kitobga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 281






Все о погоде - Pogoda.uz