Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.04.2018 10:04 Chop etish versiyasi

MULOHAZA UCHUN MAVZU

davomi.

Oliy ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari diqqatiga! 

Без названия.jpg
Ulug'bek Hamdam
filologiya fanlari doktori,
yozuvchi


TA’LIM HAQIDA O‘YLAR 

Barqaror ta’lim tizimi masalasi

Qat’iy ishlaydigan, o‘n yillar mobaynida asosiy mezonlarini o‘zgartirmaydigan, maboda o‘zgarishlar bo‘lsa, ularni o‘ziga singdirib olib, yana-da kuchli bo‘lib boradigan ta’lim tizimini yaratishimiz kerak, deb o‘ylayman. Umuman, jamiyatda har qanday tizim agar juda qisqa vaqt mobaynida o‘zgarishlarga uchrayversa, bunday jamiyatda yashovchi insonlar o‘zlarini baxtsiz his qilishadi. Xuddi shunday, juda tez o‘zgaruvchan ta’lim tizimi ham o‘qituvchi shaxsini parchalab tashlaydi. Natijada na tizim qoladi va na uni tutib turadigan o‘qituvchi shaxsi. O‘qituvchi shaxsi butun emasmi, demak, u ta’lim-tarbiya beradigan o‘quvchi-talabalar shaxsiyatining butunligi haqida ham gapirib bo‘lmaydi. Demak, eng muhim ikkinchi masala barqaror ta’lim tizimini yaratishdir. Buning uchun esa, nazarimda, quyidagilarga e’tibor bermoq kerak:

1. Darslik va o‘quv qo‘llanmalar. Hozirda darslik va o‘quv qo‘llanmalar yetishmayotganligi tufayli har bir o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha “o‘quv majmua”si yozib oladi. To‘g‘rirog‘i, komissiyaning “nazari” uchun yozadi. Aslida esa, bu kabi u yer-bu yerdan ko‘chirilib muqovalangan majmualar hech kimga kerak bo‘lmaydi. Fikrimcha, kerakli darslik va o‘quv qo‘llanmalar Respublikada bu ishga qobil, tajribali olimlar guruhlari, masalan, Fanlar akademiyasi institutlari mutaxassislari yoki o‘z sohasini puxta egallagan olim-o‘qituvchilar, ayni paytda, bularning hammasidan saralangan ishchi guruh tomonidan yozilsa va yetarli miqdorda chop etilib tarqatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu ma’noda darslik va o‘quv qo‘llanmalar butun Respublika bo‘ylab standart holga kelishi hamda ularning miqdori yetarli bo‘lishi foydadan holi emas.

2. Mutaxasislik fanlari. Ixtisoslik bo‘yicha fanlarni kuchaytirib, sohaga aloqasi kam bo‘lgan fanlarni yo butunlay olib tashlash yo soatlarini kamaytirish lozim bo‘ladi. Yo‘qsa, ba’zan Oliy matematika, informatikaga o‘xshash fanlar, masalan, ijtimoiy-gumanitar fakultetlarda haddan ziyod ko‘p. Shuning natijasida, masalan, filologiya sohalarida talaba o‘z sohasini tuzukroq bilishga imkon topolmaydi. Ularning hozirgi adabiy jarayondan deyarli xabari yo‘q. Zamonning zabardast yozuvchi, shoir va dramaturglarini yaxshi tanimaydi. Maktabda eshitgan yo o‘qigan “O‘tkan kunlar”dan nariga o‘tolmaydi. Buning uchun esa bevosita mutaxassislikka aloqador fanlar soatlarini ko‘paytirish lozim bo‘ladi. 

3. Test masalasi. Test kerakmi? U o‘zini qanchalik oqladi? Kerak bo‘lsa, qaysi sohalar uchun? Ya’ni testni sohalar bo‘yicha tanlab qo‘llash kerakmi yoki yoppasiga tadbiq etish tuzukmi?... Bu kabi savollar necha yildan beri ko‘pchilikni o‘ylatadi. Test tizimi islohga muhtoj ekanligini majlisda O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, matematikadan test borligi uchun rassomchilik institutiga ne-ne iste’dodli yoshlar kirolmayotganini aytganda, Prezident o‘sha onning o‘zidayoq bunday ijod turida matematikadan test nima qiladi, degan fikrni bildirib, testni olib tashlatgan edi. Buni ko‘rib ko‘pchiligimiz “Bo‘lar ekan-ku!” deya quvonganimiz ham haqiqat. O‘ylaymanki, xuddi shunday yo‘l, Respublikamiz bo‘ylab ko‘plab, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohalar uchun zarur bo‘lib turibdi. 

Hozirda amal qilayotgan testlarning saviyasiga kelsak, ularda kurakda turmaydigan savollar juda ko‘p. Ularni tuturiqsiz va mantiqsiz deb atasak ham bo‘laveradi. Masalan, filologiya, til va adabiyot yo‘nalishlarida bitta she’rdan parcha berib, “qachon, kim tomonidan yozilgan?” degan savol qo‘yiladi. Bitta she’rni qachon yo kim tomonidan yozilgani o‘quvchi yo bo‘lg‘usi talabaga nima beradi? Bunday raqamlarni yodlab olish yoshlarni qayerga olib boradi? Manqurt bo‘lishga emasmi? Ularni fikrlashga undaydigan savollar tuzsa bo‘lmaydimi? O‘qishga kirish xotira jangi bo‘lib ketmadimi? Kimning xotirasi kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘olibmi? Bu qanday mantiq? Fikrlash-chi? Xulosalar chiqarish-chi? Hayotga tadbiq etish-chi?.. Masalan, “bu she’r qanday she’r: realistikmi yo modernistik hamda nima uchun?” degandek savollar tuzilsa, abituriyent bitta savolga javob berish uchun she’rning har xil turlaridan voqif bo‘lishga intiladi, natijada adabiyotdagi realizm, modernizm degan hodisalar mohiyatini tushunishga harakat qiladi. Demak, test savollari u yoki bu fanning asoslarini, mohiyatini bilishga qaratilgan bo‘lishi kerak, aslo hech qachon hech qanday vaziyatda foydasi bo‘lmaydigan mayda informatsiyalarni quruq yodlashga emas. Bir zamonlar, XX asr boshlarigacha eski maktablarda o‘qitilgan “Haftiyak” (Qur’onning yettidan biri)ni o‘rganishga bag‘ishlangan darslar ma’nosi tushuntirilmaydigan, quruq yod olishdan iborat darslar, deya tanqid qilingan edi. Bugun test tizimi “sharofati” bilan o‘zimiz ham ana shu eski maktab holiga tushib qolmadikmi, degan o‘ylar qiynaydi meni.

Ta’lim tizimining islohga muhtojligi yana shu narsada ko‘rinadiki, litseylar o‘quvchini oliy o‘quv yurtlariga tayyorlashi mo‘ljal qilingan bo‘lsa ham, bolalarimiz litseylarda emas, balki ota-onalarining ne-ne pullarini sarflab repetitor qo‘llarida o‘qishmoqda. Repetitor ham olgan puli evaziga abituriyentni fikrlashga emas, quruq yod olishga o‘rgatadi. Yod olingan informatsiyalar esa, hayotda deyarli asqotmaydi. Natijada “Ta’limni hayot bilan bog‘laylik!” deya jar solging keladi. 

4. Insho va og‘zaki imtixon. Insho yozishni yo‘lga qo‘yish kerak. Insho savodxonlikni baholashning eng optimal yo‘li. O‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida insho yo‘lga qo‘yildi va juda to‘g‘ri qilindi. Shuning uchun ham talabalarimiz orasida dadillari ko‘p. Yana, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar sohalarda og‘zaki imtixon shart qilib qo‘yilishi maqsadga muvofiq. Og‘zaki imtixon kirish va o‘quv jarayonida ham kerak. Test juda nisbiy tushuncha. U talabaning umumiy tayyorgarligini emas, u yoki bu konkret savolga konkret javobini tekshiradi, xolos. Fan bo‘yicha, avvalo, umumiy bilim baholanmog‘i kerak. Test ko‘proq aniq fanlarda o‘zini oqlashi mumkin. Shuning uchun ham ijtimoiy-gumanitar sohalarda uning hissasini minimumga tushirish juda dolzarb masaladir.

5. Xorijdan o‘rganish tendensiyasi. Ko‘lmakdagi baliq holiga tushish baliq uchun fojia emasdir balki, lekin yuksak tafakkur egasi bo‘lgan inson uchun hozirgi zamonda halokat bilan baravardir. Shuning uchun ham ilg‘or jamiyatlar yutuqlari tig‘iz bir tarzda o‘rganilmoqda. O‘rganish yaxshi. Axir, velosipedni qaytadan kashf qilish kimga va nega kerak? Lekin bu masalada me’yorni saqlamoq lozim, deb o‘ylayman. Ya’ni xorijdan o‘rganish xorijga sig‘inishga aylanib ketmasin. Xorijdan olayotgan hamma narsamiz ham yaxshi bo‘lmasligi, aksincha, eski deya voz kechayotgan o‘zimizning hamma ishlarimiz ham yomon bo‘lmasligi mumkin. Ya’ni tog‘oradagi kir suviga qo‘shib, ichidagi bolani ham to‘kib yubormaylik. Saralaylik, saylaylik. Chunonchi, kamina jahon adabiyoti fani bo‘yicha ingliz tilida yozilgan ikki-uch darslik va qo‘lanmalarni tarjimon yordamida ko‘rib chiqdim. Hatto G‘arb adabiyotining ulkan yozuvchilaridan biri Jeyms Joysni tarjima ham qildirdim. Natijada shunga amin bo‘ldimki, xorijda mavzuga erkin yondashish o‘ta kuchli bo‘lib, adabiy portret esse janri yo‘lida erkin yozilgan bo‘lib chiqdi. Aslida, darslik bo‘lgandan keyin talaba yo o‘quvchiga avvalo fundamental bilim berish kerak bo‘ladi. Demak, ijtimoiy-gumanitar sohalarda o‘zimizda shakllanib kelgan yo‘l – talabaga, avvalo, fundamental ilm berish yo‘li har tomonlama o‘zini oqlaydi. Undan voz kechish masalaning, demakki, fanning tub mohiyatidan uzoqlashishdir. Esse yo‘lida yozilgan boshqa adabiyotlar (jumladan, xorijiy adabiyotlar) esa, qo‘shimcha manba sifatida tavsiya qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aniq fanlarda esa manzara yanada boshqacha bo‘lishi mumkin va shu “boshqachalik” hisobga olinmog‘i foydadan holi emas. 

Davomi bor...

4 688