O‘zA O`zbek

06.01.2016 17:26:23 Chop etish versiyasi

Matematika festivali qiziqarli o‘tmoqda

Toshkent shahridagi Inha universitetida 6-yanvar kuni “Qiziqarli matematika” o‘quv-amaliy festivali boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz va Janubiy Koreya ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar va yoshlar ishtirok etmoqda.

Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sh.Shermatov O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil may oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi davomida ko‘plab sohalar qatori fan-ta’lim yo‘nalishidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga doir hujjatlar ham qabul qilindi.

Yurtimizda azaldan ilm-fan rivojlangan. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek singari ajdodlarimiz matematika, fizika, tibbiyot, geometriya, kimyo, astronomiya fanlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.

Bugungi kunda ham mamlakatimizda fan-ta’lim izchil rivojlanmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning zamonaviy bilim olishi, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Xorijiy tillarni puxta egallagan yoshlarimiz dunyoning nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Mamlakatimizda bir qator xorijiy oliy o‘quv yurtlarining filiallari faoliyat yuritmoqda.

6c.JPG

Yoshlarimiz bunday e’tiborga munosib bo‘lib, barcha fanlarni chuqur o‘rganmoqda. Xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan nufuzli tanlovlar, fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. 2015-yil 27-31-iyul kunlari Xitoyning Chanchun shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika tanlovida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagani ham buning yorqin isbotidir.

Matematika insondan yuksak aql-zakovat, keng tafakkur va zehn talab etadi. Uni to‘la o‘rganishga ayrim o‘quvchilarda qunt, ba’zan to‘g‘ri uslub yetishmaydi. “Qiziqarli matematika” o‘quv-amaliy festivali maktab, litsey va kollejlar o‘quvchilarining mazkur fanga qiziqishini yanada oshirish, matematikani qiziqarli tarzda o‘rganish va o‘rgatish uslublarini namoyish etish maqsadida tashkil etildi.

Festivalda Janubiy Koreyadan kelgan 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilar ishtirok etmoqda. Ular O‘zbekistonda ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan dasturlar, xususan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining samaralarini yuqori baholadi.

– Matematika ko‘plab sohalarda, jumladan, insonning kundalik turmushida doim kerak bo‘ladigan muhim fandir, – deydi Koreya Respublikasining Inha universiteti professori Xun Chang. – Ushbu festivalda o‘quvchilar faol ishtirok etayotganini ko‘rib, O‘zbekiston yoshlarining bilimga chanqoq, intellektual salohiyati yuqori ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildik. Bunday tadbirlar barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham izchil rivojlanib borayotgan Janubiy Koreya-O‘zbekiston munosabatlarini yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

Festivalda matematika fanining tarixi, rivojlanish bosqichlari va istiqbollari, ushbu fanni samarali o‘qitishning zamonaviy va ilg‘or uslublari, yosh matematiklarning imkoniyatlari, yutuq va kamchiliklari, matematikani o‘rganishning sir-asrorlari, muhim va qiziqarli jihatlari, yoshlarni mazkur fanga qiziqtirish omillari xususida so‘z yuritildi.

– Matematikani o‘rganish, turli masalalarni yechish jonu dilim, – deydi Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 84-umumta’lim maktabi 4-sinf o‘quvchisi Sevinch Otaxonova. – Festivalda turfa intellektual o‘yinlar, qiziqarli mashqlar, viktorina va mashg‘ulotlarda ishtirok etib, matematika fani bo‘yicha o‘z bilimimni yanada oshirish imkoniga ega bo‘lmoqdaman. Ayniqsa, bolalar uchun o‘tkaziladigan vizual dasturlash bo‘yicha dars – «Dasturlash soati»da ishtirok etishimdan xursandman.

Anjumanda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi. Kadrlar tayyorlash yo‘nalishida o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish, mutaxassislar va talabalar almashuvini faollashtirish, tajriba va axborot almashishni kengaytirishga kelishib olindi.

Festival doirasida matematika fani o‘qituvchilari o‘rtasida on-layn tarzda o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlarida magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qishni davom ettirish hamda malaka oshirish imkoniga ega bo‘ladi.

Anjuman doirasida, o‘quvchilar o‘rtasida tanlovlar, seminarlar va aksiyalar ham o‘tkaziladi.